Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi va Muftiy "Olmazor" tumanidagi masjidning yangi binosini ko'zdan kechirdilar
Bugun, 8 iyul kuni Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan “Mevazor” jome masjidi yangi binosi bunyod etilishi munosabati bilan Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov va O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovlar tashrif buyurdilar.
– Bugungi zamon talablariga to'la javob beradigan masjid barpo etildi, – deydi masjid imom-xatibi Rahimjon Marhumov. – Buning uchun Prezidentimiz boshchiligidagi barcha rahbarlarga, uning qurilishiga hissa qo'shganlarga tashakkur bildiramiz.
Ta'kidlash kerakki, avvallari “Mevazor” mahalliy masjidi 120 kishiga mo'ljallangan kichkina bir xonaqoh va uch kishiga mo'ljallangan tahoratxonadan iborat edi. So'nggi yillarda namozxonlar ko'payib, masjid ibodatchilar uchun torlik qilib qolgan edi.
Qurib bitkazilgan masjid 1500 nafar namozxonga mo'ljallangan bo'lib, bu yerda barcha sharoitlar bekamu ko'st ado etilgan. Masjidda bitta minora qad rostlagan bo'lib, uning uzunligi 30 metrni tashkil etadi. Shuningdek,
30 kishiga mo'ljallangan tahoratxona ham ishga tushdi. Imom-xatib, noiblar, mutavaliy, qarovullar uchun ham alohida ma'muriy binolar qurib bitkazildi. Bundan tashqari, masjidning alohida kutubxonasi bor.
Tashrif so'ngida soha rahbarlari masjidning faoliyati yuzasidan muhim tavsiyalar berdilar va uzoq yillar mo'min-musulmonlarga xizmat qilishini so'rab xayrli duolar qildilar.
Din ishlari bo'yicha qo'mita Matbuot xizmati
Alpha version: 0.9.1.19 build 31521 | Инструменты