"Do‘stlik" bog‘i hududini noqonuniy egallab olgan qurilish kompaniyasi jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida joylashgan "Do‘stlik" bog‘i hududining noqonuniy tarzda egallab olinganligi haqidagi murojaat yuzasidan Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmalari izoh berdi. 

Mavjud arxiv hujjatlariga muvofiq, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bratislava koʻchasi, 2a-uy manzilidagi (qurilishi tugallanmagan) noturar joy obyekti Loyiha tashkilotining 14.09.2023-yil va 10.11.2023-yildagi maʼlumotnomasiga asosan 04.04.2024-yilda "Vinera Tower" MCHJ nomiga mulk huquqida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

Obyektning yer maydoni 5273 kv.m, qurilish osti maydoni 4654 kv.m, bino va inshootlari umumiy maydoni 58 091 kv.m, huquqiy hujjatlarga asosan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan bino va inshootlari maydoni 23 183 kv.m, huquqiy hujjat taqdim etilmagan bino va inshootlari maydoni 34 908 kv.m ni tashkil etadi.

2023-yilning iyun oyida MCHJ tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlari va noqonuniy egallab olingan yer maydonini joyiga chiqib o‘rganishlar olib borib, nazoratdagi o‘lchov ishlari o‘tkazilganda quyidagilar ma’lum bo‘lgan.

Xususan, MCHJ tomonidan o‘ziga tegishli 5273 kv.m yer maydonidan tashqari 2451 kv.m yer uchastkasi o‘zboshimcha egallab olinganligi va temirsimon to‘siq (profnastil) bilan o‘rab qo‘yilganligi aniqlangan.

Shu bilan birga, MCHJ tomonidan o‘zboshimcha o‘rab olingan 2451 kv.m yer uchastkasining 606 kv.m yer maydoni “Do‘stlik bog‘i” hududidan egallab olinib, ayrim qismida kotlovan qazilganligi qo‘shimcha aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 2023-yilning 5-iyun kuni Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi Yakkasaroy tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan joyiga chiqib, Vazirlar Mahkamasining 183-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga asosan o‘rnatilgan tartibda davlat yer nazorati tadbiri olib borilgan va yerga oid huquqbuzarlik sodir etgan “Vinera Tower” MCHJga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Ushbu holat yuzasidan “Vinera Tower” MCHJ rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 266-modda 1-qismiga muvofiq, Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasiga berilgan vakolatga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 60-moddasida belgilab o‘tilgan ma’muriy javobgarlik holati bo‘yicha ta’sir choralari qo‘llanildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70109 | Инструменты