7 davlat rahbariyati Livandagi fuqarolariga murojaat yo‘llab, mamlakatni tark etishga chaqirdi

Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan keskinlik fonida 7 mamlakat rahbariyati Livanda bo‘lib turgan fuqarolariga murojaat yo‘llab, mamlakatdan imkon qadar tez chiqib ketishga chaqirgan. Bu haqda G‘arb nashrlariga tayanib, Anadolu xabar berdi.

Livan va Isroil o‘rtasida urush yuzaga kelishi ehtimoli sabab mamlakatlar xavfsizlik choralarini kuchaytirishga chaqirgan. Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida Livanga bormaslik tavsiya qilingan.

Birinchi favqulodda xabarni Saudiya Arabistonining Bayrutdagi elchixonasi eʼlon qilgan. Saudiya rasmiylari Livanda bo‘lgan fuqarolarini “zudlik bilan mamlakatdan chiqib ketish”ga chaqirgan. Favqulodda vaziyatlarda elchixona bilan aloqada bo‘lish zarurligi taʼkidlangan.

Avstraliya ham o‘z fuqarolariga xavfsizlik vaziyatining o‘ta beqarorligini taʼkidlab, Livanga sayohat qilmaslikni “qatʼiy tavsiya qilgan”. Tashqi ishlar vaziri Penni Vong Livandagi avstraliyaliklarni tijoriy reyslar mavjud bo‘lganda zudlik bilan ortga qaytishga chaqirgan.

Shuningdek, Niderlandiya, Germaniya, Kanada, Shimoliy Makedoniya va Quvayt o‘z fuqarolariga favqulodda chaqiriqlar yuborgan. “Mintaqadagi xavfsizlik vaziyatini hisobga olgan holda” imkon qadar tezroq Livandan ketish so‘ralgan.

Ko‘plab tahlilchilar G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar yakunlangach Isroil uchun keyingi mo‘ljal Livan bo‘lishini taxmin qilgan. Isroil harbiy qo‘mitasi Livan borasida maxsus harbiy reja ishlab chiqqani, chegara hududlarini mustahkamlash tadbirlari ketayotgani yangi urushdan dalolat ekani aytilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70217 | Инструменты