Avvalroq, O‘zbekistonda “DOK-1 MAX” preparatini iste’mol qilish oqibatida vafot etgan bolalar soni 19 nafarga yetgani xabar qilingan edi. Bugun, 29-dekabr kuni Marion Biotech vakili Hasan Raza sirop ishlab chiqarish to'xtatilganini, hozirda mamlakat hukumati tashabbusi bilan tergov ishlari olib borilayotganini ma'lum qildi.
“O‘limdan afsusdamiz, hukumat tergov olib bormoqda. Natijalar asosida biz tegishli choralarni ko'ramiz. Namunalar allaqachon olingan. Ushbu mahsulotni ishlab chiqarish to'xtatildi, boshqa jarayonlar davom etmoqda”, dedi Hasan Raza ANI bilan suhbatda.
Hindiston ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Hindistonning Dori standartlarini nazorat qilish markaziy tashkiloti allaqachon tergov boshlagan.
"Marion Biotech kompaniyasining yana bir vakili Hasan Xarrisning aytishicha, O‘zbekiston va Hindiston hukumatlari barcha tafsilotlarni o‘rganib chiqmoqda va audit o‘tkazmoqda", - deb xabar beradi PTI.
Eslatib oʻtamiz, bundan bir necha kun avval O‘zbekistonda "Dok-1 Maks" tabletka va sirop dori vositalarining savdosi to‘xtatildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 23-dekabrdagi buyrug‘i bilan ushbu dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan. Sababi "Dok-1 Maks" preparatini qo‘llash oqibatida vafot etgan bolalar soni 19 nafarga yetdi.
27-dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev videomurojaat orqali "Dok-1 Maks" siropini ichish natijasida dunyodan ko‘z yumgan 18 nafar bolaning ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Ma'lumot uchun, Hindistonning Marion Biotech Pvt. Ltd kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan "DOK-1 MAX" siropi va tabletkalari O'zbekistonda 2012-yilda ro'yxatga olingan va o'sha yili sotuvga chiqarilgan. Ushbu dori vositasi Oʻzbekistonga “Quramax Medical” MChJ tomonidan olib kelingan.
Ushbu holat yuzasidan 27-dekabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan dorini O'zbekistonga import qilgan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shu o'rinda Hindiston hukumati ham "Dok-1 Maks" dorisini ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasiga qarshi surishtiruv boshladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120210 | Инструменты