Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan 2024-yilning 25-dekabridan 2025-yilning 5-yanvar kuniga qadar respublikamizning barcha hududlarida "Dolzarb 10 kunlik" tozalik tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir davomida mahalla hududlarini ozoda saqlash, bayram tadbirlarida chiqindi to‘planib qolishining oldini olish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketishga qatʼiy rioya qilish bo‘yicha hududlarda doimiy tarzda tozalik ishlari tashkil etildi. Bunda 124 ta sanitar tozalash korxonalari tomonidan 800 ming 263 ta jamoat joylari, mahallalar va markaziy ko‘chalar obod qilindi.
“Dolzarb 10 kunlik” davomida respublika hududi jami 135 ming 200 tonna chiqindidan tozalandi.
Ma'lumot uchun, bu kabi tozalik tadbirlari Ekologiya vazirligi tomonidan doimiy tarzda tashkil etiladi. Xususan, o‘tgan yilning 20-sentabr kuni respublikamizning barcha hududlarida “World cleanup day” — “Butunjahon tozalik kuni” munosabati bilan “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida ommaviy plogging eko-aksiyasi tashkil etildi va 36,506 tonna chiqindi bartaraf qilindi. Bundan tashqari, “Xalqaro chiqindisiz dunyo uchun” (World Zero Waste day) kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ommaviy ploggingda respublikamizning barcha hududlari 228,1 tonna chiqindidan tozalandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10814 | Инструменты