Dron texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish masalalari koʻrib chiqildi

Prezident iqtisodiyot tarmoqlarida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish va sohani tartibga solishga doir taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda dunyoda uchuvchisiz aviatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib, qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport, shaharsozlik va xizmat koʻrsatish kabi koʻplab sohalarda keng qoʻllanilmoqda. Dronlardan foydalanish ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni qisqartirish, resurslarni tejash va yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim omilga aylanmoqda.

Xususan, qishloq xoʻjaligida ekin maydonlarini kuzatish, ularga ishlov berish va hosildorlikni monitoring qilish, sanoatda ishlab chiqarish jarayonlari va infratuzilma obyektlarining holatini nazorat qilish, shaharlarda transport oqimini kuzatish va koʻchalarda harakatni tashkil etishda ushbu texnologiyalardan foydalanish katta imkoniyatlar ochadi.

Maʼlumotlarga koʻra, global dron bozori yiliga 10-15 foiz surʼat bilan oʻsib bormoqda. Ushbu texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish mamlakatimizda ham iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish, yuqori malakali mutaxassislarga talabni oshirish va yangi texnologik yoʻnalishlarni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Shu munosabat bilan taqdimotda Oʻzbekistonda uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan fuqarolik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sohada tadbirkorlik va investitsiya faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda dronlardan foydalanishning yagona qoidalari, ularni hisobga olish va parvozlarni muvofiqlashtirish, yetkazilgan zararni qoplash hamda sugʻurtalash mexanizmlarini takomillashtirish zarurati mavjud.

Shu maqsadda uchuvchisiz aviatsiya vositalari haqidagi maʼlumotlarni birlashtiruvchi yagona raqamli axborot tizimini shakllantirish, parvoz hududlarini aniq belgilash va ulardan foydalanish tartiblarini joriy etish boʻyicha takliflar bildirildi.

Taqdimotda ushbu yangi yoʻnalish uchun malakali kadrlar tayyorlash va innovatsion ekotizimni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Xususan, kelgusi oʻquv yilidan Transport universitetida uchuvchisiz aviatsiya tizimlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, taʼlimni amaliy mashgʻulotlar bilan uygʻunlashtirish, yoshlarning zamonaviy aviatsiya texnologiyalariga qiziqishini qoʻllab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari tomonidan mutasaddilarga ilgʻor xorijiy tajriba asosida uchuvchisiz aviatsiya tizimlarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110422 | Инструменты