Huawei 2
Dubayda kuchli yomg'ir yog'ishi sababli aeroportda qolib ketgan o'zbekistonliklarga ko'mak ko'rsatildi

Joriy yilning 16-aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklarida kuchli jala quyishi, suv toshqini yuz berishi oqibatida Dubay xalqaro aeroporti o'z faoliyatini vaqtincha to'xtatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Xalqaro aeroport hududi va uchish-qo'nish yo'laklari suv ostida qolgani tufayli ichki va xalqaro samolyotlar parvozi kechiktirildi yoki to'xtatildi. Ayrim samolyotlar Amirliklarning boshqa aeroportlariga yo'naltirilgan.

Shu munosabat bilan O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Dubay xalqaro aeroportida qolib ketgan fuqarolarimizga konsullik-huquqiy yordam ko'rsatish va mavjud muammolarni hal etish maqsadida aeroportda bo'lishdi.

Vatandoshlar bilan bo'lib o'tgan suhbat davomida ma'lum bo'lishicha, 2024-yil 16-aprel kuni "Dubay – Toshkent" yo'nalishi bo'yicha parvozni amalga oshirishi kerak bo'lgan "Centrum Air" aviakompaniyasi samolyotining uchishi noqulay ob-havo sharoiti tufayli bekor qilingan. Ushbu holat natijasida 52 nafar O'zbekiston fuqarolari 1 kun davomida Dubay xalqaro aeroportining kutish zalida qolib kelgan.

Hamyurtlarimizni O'zbekistonga qaytarish bilan bog'liq masalalarni o'rnatilgan tartibda hal etish maqsadida O'zbekiston Bosh konsulxonasi, "Uzbekistan Airways" va "Centrum Air" aviakompaniyalari vakillari Dubay xalqaro aeroporti mutasaddilari bilan uchrashuv o'tkazdilar.

Muzokaralar yakunida "Centrum Air" kompaniyasi yo'lovchilari bo'lgan yurtdoshlarimizni "Uzbekistan Airways" kompaniyasi samolyotida O'zbekistonga jo'natish to'g'risida kelishib olindi. Bortida hamyurtlarimiz bo'lgan "Dubay-Toshkent" yo'nalishidagi samolyot 17-aprel kuni soat 22:30 da O'zbekistonga uchib ketdi.

Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, noqulay ob-havo sababli aeroportda qolib ketgan hamyurtlarimizga Bosh konsulxona tomonidan oziq-ovqat va boshqa turdagi zarur mahsulotlar tarqatildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga