O‘zLiDeP deputati Nuriddin Sultonov elektromobillarni quvvatlash stansiyalari o‘chirilayotgani yuzasidan Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga deputat so‘rovini yubordi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Deputatlik so‘roviga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida o‘rnatilgan elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini elektrdan uzib qo‘yish hamda ularni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish bilan bog‘liq holatlar muhokamalarga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.
Mamlakatda yaratilayotgan qulay sharoitlar hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish tezlashishi natijasida elektromobillar soni ham ortib bormoqda. Xususan, joriy yilning 10 oyi davomida mamlakatga 20 mingdan ortiq elektromobillar import qilingan, shu bilan birga, ularni O‘zbekistonda ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlangan.
“Bu esa elektromobillardan foydalanish infratuzilmasining rivojlanishi va kengayishi zaruratini yuzaga keltirdi. Ko‘plab xizmat ko‘rsatish obyektlari atrofida tadbirkorlar tomonidan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari o‘rnatilib, aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda”, deyiladi xabarda.
Biroq, Toshkentda o‘rnatilgan, subabonent sifatida elektr tarmoqlariga ulangan va elektrdan qarzdorligi bo‘lmagan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari elektrdan uzib qo‘yilayotganligi tadbirkorlar tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Shu sabab, deputat Nuriddin Sultonov Energetika vazirligiga stansiyalari faoliyati cheklanib, ularni elektr tokidan uzish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganligi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘ragan.
Kadastr agentligiga esa poytaxtda elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish bilan bog‘liq holatlarning qonuniyligi yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon etish so‘ralgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122523 | Инструменты