Endi avtomototransport vositasini notarial idoraga bormasdan sotish mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, sotuvchi E-notarius.uz axborot portalida “Notarial harakatni rasmiylashtirish”ni tanlaydi, oʼzining shaxsiga oid maʼlumotlarni kiritadi va notarial harakatni yaratadi.
- sotuvchi sotilayotgan avtomototransport vositasini tanlaydi va narxini kiritadi;
- sotuvchi sotib oluvchining JShShIRni, shaxsini tasdiqlovchi hujjat seriyasi va raqamini va telefon raqamini kiritadi;
- sotib oluvchining telefoniga SMS xabarnoma yuboriladi. Sotib oluvchi havolaga kirib Face-Id orqali verifikatsiyadan oʼtadi va roziligini tasdiqlaydi;
- avtomatik tarzda yoki ixtiyoriy notarius tanlanadi;
- notarius notarial harakatni rasmiylashtirishga qabul qilib, vaqtni belgilaydi va taraflarning mobil telefoniga SMS xabarnoma yuboriladi;
- belgilangan vaqtda notarius taraflar ishtirokida videokonferensaloqa orqali notarial harakatni rasmiylashtiradi;
- bitimning asl nusxalari taraflarga kuryerlik (pochta) xizmati orqali yuboriladi.
Shuningdek, avtomashinani sotishda er yoki xotinning rozilik arizasi ham onlayn tarzda notarial rasmiylashtirishi mumkin.
Ushbu ariza rozilik beruvchi er yoki xotin tomonidan “E-notarius.uz” axborot portali orqali rasmiylashtiriladi.
Bunda murojaat qilish uchun istalgan notarius tanlanishi mumkin.
Agar er yoki xotinning rozilik arizasi notarial tasdiqlangan bo‘lsa, u avtomashinani oldi-sotdi shartnomasini onlayn tarzda rasmiylashtirish jarayoniga avtomatik ravishda biriktiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52502 | Инструменты