Endi IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT-Park rezidenti maqomi beriladi

Endilikda IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi beriladi, ular uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilindi.

IT park tomonidan IT kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun ularga “ijtimoiy karta” beriladi. Yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha ham katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Buning uchun har yili 100 million dollar ajratiladi. Investitsiya vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi Yoshlar agentligiga o‘tkaziladi.

Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan, fidoyi yosh tadbirkorlar jamg‘arma kengashiga kiradi. Jamg‘arma rahbarini ham ushbu yoshlarni o‘zi saylaydi.

Jamg‘arma, yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihasini tanlab oladi va ularga “biznes paket” qilib beradi, loyihani tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonida ko‘maklashadi, bozorini topadi.

Jamg‘arma hokimlar bilan birgalikda 14 ta tumanni tanlab, “to‘rtinchi sanoat” kasblariga o‘qitish markazi ochadi va to‘liq jihozlab beradi.

Ushbu markazlar yosh tadbirkorlarga 1 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga ijaraga beriladi. Markazlarning o‘quv dasturlari xalqaro standartlarga moslashtiriladi.

Jamg‘arma Surxondaryo tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan Yoshlar sanoat zonasida sanoat binolari quradi.

Bu joylar “sanoat ipotekasi” asosida yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga 7 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Bunda yoshlardan birinchi yil uchun to‘lov undirilmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70102 | Инструменты