“2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ-1-son) qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, mas'ul idoralar va muassasalar uchun 2025 yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilandi.
Shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator yo'l xaritalari hamda 2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish bo'yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi, Dastur va “yo'l xaritalari”ning ijrosini nazorat qilib borish uchun Bosh prokuratura huzurida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi tuziladi.
Endilikda, jinoyat sodir etilgan mahallalarda ilmiy tashkilot va ta'lim muassasalari tomonidan ilmiy yondashuvlar asosida o'rganishlar o'tkaziladi.
Barcha tuman (shahar) sektor rahbarlariga, Milliy gvardiya qo'riqlash xizmati boshliqlariga va ichki ishlar organlari boshliqlari o'rinbosarlariga 2025 yilda kriminogen vaziyat og'ir mahallalar nomma-nom biriktiriladi.
Mas'ullar faoliyati har oy yakunida – ichki ishlar vaziri huzurida, har chorak yakunida – Bosh prokuror huzurida, har yarim yilda Bosh vazir huzurida tanqidiy muhokama qilinadi, har bir mahalla kesimida Prezidentga axborot berib boriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12212 | Инструменты