Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O'RQ–899-son, 19.01.2024-y.) bilan bir qator kodekslarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalarga ko'ra:
Endilikda jabrlanuvchining axborot resursini yo'q qilish, o'zgartirish, egallab olish yoki to'sib qo'yish, uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo'rqitib mulk talab qilish ham tovlamachilik sifatida jinoiy javobgarlikka sabab bo'ladi.
Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o'tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yoxud kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo'llanilishi mumkin:
— BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima;
— 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
— 1 yilgacha ozodlikni cheklash;
— 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shug'ullanish yoki belgilangan tartibni buzgan holda mayning faoliyatini amalga oshirish shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo'llanilishiga sabab bo'ladi:
— BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima;
— 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
— 1 yilgacha ozodlikni cheklash;
— 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Shuningdek, yashirin mayningni amalga oshirish BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53110 | Инструменты