Huawei 2
Endi yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tganlar ham kameraga tushadi

Endi foto va video qayd etish tizimi piyodalarni o‘tkazmaslik va fuqarolarning yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tishi kabi qoidabuzarliklarni qayd etadi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.

Ma’lum qilinishicha, yo‘l bo‘yida joylashgan maktablar oldida, yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida, yo‘l-transport hodisalari o‘choqlarida, temir yo‘l kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatgan holda, yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

Yo‘llarda harakat xavfsizligini samarali tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 329-son qarori hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish to‘g‘risida” 197-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi quyidagilarni qaror qiladi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 329-son qarori bilan tasdiqlangan 2023-2026 yillarda temir yo‘l transporti sohasini isloh qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 19-bandida temir yo‘l kesishmalarida yo‘l harakati qoidalarini nazorat qiluvchi “aqlli” qurilmalarni o‘rnatish orqali xavfsizlik darajasini oshirish choralarini ko‘rish;
  • “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi hisobidan yo‘l bo‘yida joylashgan maktablar oldida, kamida to‘rt tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida hamda yo‘l-transport hodisalari o‘choqlarida belgilangan tezlikni oshirish, piyodalarni o‘tkazmaslik va fuqarolarning yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tishi kabi qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish;
  • 2024 yil 1 iyuldan boshlab yo‘l bo‘yida joylashgan maktablar oldida, kamida to‘rt tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida, yo‘l-transport hodisalari o‘choqlarida, temir yo‘l kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich o‘rnatiladi. 

Bunda:

  • maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan belgilanadigan joylarga o‘rnatiladi;
  • maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatiladigan joylar YHXX tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilishlari hamda yo‘l-transport hodisalarining tahlilidan kelib chiqib belgilanadi.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga