Mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmati sifatini yanada oshirish maqsadida sohaga ilg‘or raqamli texnologiyalar joriy etib borilmoqda.
Xususan, Respublika tez tibbiy yordam markazi tomonidan ilk bor "103" brigadalari harakatini real vaqt rejimida onlayn kuzatib borish yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu tajriba-sinov loyihasiga ko‘ra, endilikda poytaxt aholisi tez tibbiy yordam brigadalarining qayerda ekanligi va qancha vaqtda chaqiruv manziliga yetib borishini onlayn kuzatib turishlari mumkin.
Yangi loyiha "Yandex Uzbekistan" kompaniyasining texnologik yechimi asosida amalga oshirilib, "103" brigadasi harakatlari brauzerda elektron xarita orqali, yaqin kelajakda esa "Yandex Go" mobil ilovasi yordamida kuzatib boriladi.
Unga ko‘ra, "Tez yordam"ga murojaat qilingandan so‘ng, tizim avtomatik ravishda brigadaning harakati real vaqt rejimida ko‘rsatiladigan elektron xaritaga havola orqali SMS-xabar yuboradi.
Loyihaning keyingi bosqichida foydalanuvchilar "Yandex Go" mobil ilovasidan brigadaning joylashuvi va uning taxminiy kelish vaqti to‘g‘risida push-bildirishnoma orqali xabardor bo‘ladi. Qolaversa, ushbu ma’lumotni to‘g‘ridan to‘g‘ri ilova orqali ham olsa bo‘ladi.
— Ushbu yangilik, eng avvalo, tez tibbiy yordam tizimida shaffoflikni ta’minlash va dispetcherlarning ish yuklamasini kamaytirishga xizmat qiladi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Hozirda bu yechim Toshkent shahrida shoshilinch chaqiruvlar uchun amal qiladi, biroq keyinchalik loyihani kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Respublika tez tibbiy yordam markaziga mamlakatimiz bo‘ylab har kuni o‘rtacha 40 mingga yaqin chaqiriq kelib tushadi. Ularning 60 foizini esa shoshilinch murojaatlar tashkil etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80418 | Инструменты