Huawei 1
Energetika vazirligi: Vazirlar Mahkamasining 894-son qarori talablari noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Qoidalarning 85-bandida maishiy isteʼmolchilar ko‘zda tutilmagan

Ijtimoiy tarmoqlarda “Elektr energiyasi isteʼmoli 200 kilovattdan oshsa, har bir kilovatt uchun 900 so‘m emas, 540 so‘mdan to‘lanadi” mazmunida noto‘g‘ri maʼlumot aylanmoqda.

Ushbu noaniqlik Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrda imzolangan 894-son qarori bandlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi tufayli yuzaga kelmoqda. Unga ko‘ra, "hisob-kitob davrida isteʼmolchilar tomonidan (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasi isteʼmoli shartnomaviy miqdordan 20 foiz va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, ortiq isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov undiriladi”, deya o‘zgartish kiritilgan.

Bu yuridik isteʼmolchilar o‘zlari uchun belgilangan limitdan 20 foiz va undan ko‘p miqdorda elektr energiyasi (tabiiy gaz emas!) isteʼmol qilganlarida, ortiqcha ishlatilgan har bir kVt⋅soat uchun qo‘shimcha 20 foiz miqdorida haq to‘lashlari lozimligini anglatadi (bunga qadar ikki baravar haq to‘lashlari ko‘zda tutilgan edi).

Demak, texnik shartida bir oy mobaynida 100 ming kVt⋅soat elektr energiyasi sarflashi ko‘zda tutilgan ishlab chiqarish sexi oy mobaynida 125 ming kVt⋅soat elektr energiyasi isteʼmol qilsa, ortiqcha ishlatilgan 5 ming kVt⋅soat uchun 900 so‘mdan emas, 1080 so‘mdan to‘lov qiladi.

Aholi isteʼmolchilari III tarif guruhiga mansub bo‘lib, maishiy isteʼmolchilar sanaladi. Qoidalarning tegishli bandida esa aniq-ravshan qilib “maishiy isteʼmolchilardan tashqari” deya ko‘rsatib o‘tilgan.

Izohlar: 2
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10513 | Инструменты