Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Janubiy Koreyaga tashrifi davomida AHA Co., Ltd kompaniyasida bo‘lib, qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabar qildi.
Mazkur kompaniya 1995 yilda tashkil topgan bo‘lib, taʼlim texnologiyalari (EdTech), sog‘liqni saqlash va elektr transport vositalarini (EV) zaryadlash qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Kompaniyaning Yaponiya, Germaniya, Qozog‘iston va AQSHda xalqaro filiallari tashkil etilgan bo‘lib, 2024 yil holatiga ko‘ra, kompaniyaning bozor kapitallashuvi 28,88 mln dollar, umumiy savdo daromadi 55,9 mln dollarni tashkil etdi.
Kompaniya rahbari Ku Gi Do faoliyati haqida so‘z yuritib, so‘nggi yillardagi zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari va mahsulotlari bo‘yicha maʼlumot berdi. O‘zbekistonda ham hamkorlikda biznes qilish istagi borligini bildirdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘onada loyihalarni amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratib berilishini, hamkorlikka tayyorligini aytib o‘tdi.
Uchrashuvda Kimpo va Koyan shaharlarining Savdo-sanoat palatasi rahbarlari, 20 mingdan ziyod tadbirkorlari borligini, O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni tanishtirish muhimligini qayd etdi.
Delegatsiya aʼzolari kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.
Uchrashuv yakunida AHA Co., Ltd kompaniyasi bilan viloyatda maktablar uchun smart doskalar hamda elektromobillar uchun zaryadlovchi stansiya qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112717 | Инструменты