Huawei 1
“Yo‘ldosh” mavzesi hududida dendropark tashkil etish rejalashtirilmoqda — Toshkent shahar hokimligi

Poytaxt hokimligi huzuridagi Toshkent Invest kompaniyasi Yangihayot tumanining “Yo‘ldosh” mavzesi hududida bir necha yildan beri kutilayotgan ta’mirlash ishlari doirasida daraxtlar kesilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarga javob berdi.

Mavzedagi ko‘p yillik daraxtlar orasida 2 qavatli 409 ta yog‘och uylarda jami 4290 ta xonadon bor. yog‘och uylar 1966-yilda zilziladan so‘ng, o‘sha yerda uy qurilishida qatnashgan ishchilar uchun vaqtincha 5 yil muddatda foydalanish uchun tez fursatlarda qurib berilgan. Qariyb 58 yildan beri bu uylarda odamlar yashaydi.

Ikki yil avval tuman hokimi Hayot Inog‘omov mavzedagi yog‘och uylarda yashovchi 4026 nafar mulkdordan 3341 nafari uylari buzilsa, kompensatsiya olishga roziligini aytgandi. 685 fuqaro uy buzilishiga norozilik bildirgan. 160 nafar xonadonning mulkdorlari topilmagan. Kadastr hujjatlari bo‘yicha fuqaro bor, biroq, chetga ketgan yoki u yerda yashamayotgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, hokim bu ishlar kechikayotganiga daraxtlarni kesishga belgilangan moratoriy ham sabab bo‘layotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlarni avaylash uchun binolar hozircha buzilishga berilmayapti, degandi hokim.

“Uylarning fundamenti yonida daraxt turibdi. Uylarning yerto‘lasi bo‘lmagani hisobiga daraxtning ildizi uyning ichigacha kirib borgan. Hozir buni quruvchiga bersak, ular uy egasi bilan kelishadi, lekin biz daraxtdan ayrilib qolamiz. Bunday daraxtlar boshqa joyda qolmagan. Hozir daraxtlarni saqlab qolish yo‘llarini ham izlayapmiz”, — dedi u.

Toshkent Invest hududni obodonlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dastur noqulay va hatto xavfli sharoitlarda yashayotgan mahalliy aholining muammolarini hal qilishini ta’kidladi.

“Hozirgi paytda bunday uy-joylar ma’nan eskirgan va xonadonlarning kichik maydoni (har bir kishiga 16 kv.m dan kam) hamda oddiy maishiy sharoitlarning yo‘qligi sababli sifatli uy-joyga qo‘yiladigan zamonaviy talablarga javob bermaydi. Aksariyat uylarning yog‘och qurilish konstruksiyalari va muhandislik tarmoqlari yuqori darajada jismoniy eskirgan, shuningdek, energiya tejamkor emas va yong‘in xavfi yuqori. Bunday uylarda yashash shaharliklar uchun noqulay va hatto xavflidir.”, — deyiladi xabarda.

Kompaniya ishlab chiqqan ta’mirlash dasturi quyidagi bosqichlardan iborat:

1. “Yo‘ldosh” mavzesi hududi ko‘p yillardan buyon ekologik tizimga salmoqli hissa qo‘shayotgan chinor (platan), lipa, eman va boshqa turdagi daraxtlardan iborat yashil o‘simliklar bilan qalin qoplangani sababli renovatsiyani boshqa joyda amalga oshirishga qaror qilindi.

Ushbu yechim kislorod ishlab chiqarish va ekologik muvozanatni saqlashga yordam beradigan noyob tabiiy sharoitlarni saqlab qolish imkonini beradi. Massiv aholisini ko‘chirish uchun shu tumandagi yaqin hududlar ajratildi, bu ularga odatiy infratuzilma va mahalla bilan aloqani saqlab qolish imkonini beradi.

2.Ushbu masalani hal qilish uchun bir nechta joy o‘rganilib, “Gulshonobod” mahallasi hududining barcha mezonlarga javob beradigan va “Yo‘ldosh” mavzesi dan 1,5 km masofadan ortiq bo‘lmagan masofada joylashgan yer uchastkasi tanlandi.

3. Toshkent Invest quruvchi kompaniya bilan birgalikda zamonaviy shaharda zamonaviy tuman loyihasi va konsepsiyasini ishlab chiqmoqda, unda zamon talablariga javob beradigan ijtimoiy, transport va kommunal infratuzilma nazarda tutiladi. Ta’kidlanishicha, xonadonlarning dastlabki va oxirgi pardozlashiga alohida e’tibor qaratiladi.

4. Loyiha qurilish kompaniyasi bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi asosida amalga oshiriladi, unda kvartiralarni davlat uy-joy fondiga berish shartlari aks ettirilgan.

5. “Yo‘ldosh” mavzesi aholisini ko‘chirish amalga oshirilganda aholiga zamonaviy talablarga javob beradigan teng qiymatli kvartiralar (masalan, eski uydagi 1 xonali uy o‘rniga yangi uydagi 1 xonali uy) beriladi. Bunda 2018-yil 12-apreldagi [O‘RQ-474-son] qonuni va 2019-yil 7-noyabrdagi [O‘RQ-581-son] qonuni va jamoatchilik muhokamasi natijasi inobatga olingan.

Muhtoj aholiga yangi uyga ko‘chib o‘tishda yordam ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, aholi o‘z uy-joyini kengaytirish, qo‘shimcha haq evaziga qo‘shimcha xonalar sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.

6. Faol blogerlar va qiziquvchi fuqarolarni tashvishga solayotgan savollarga javob berib, “Yo‘ldosh” mavzesi hududida mavjud daraxtlarni saqlab qolish va davolash hamda yangi daraxt va butalarni o‘tqazish orqali zamonaviy dendropark tashkil etish rejalashtirilgan.

2025-yilning birinchi choragida aholini ko‘chirish masalasi bo‘yicha ochiq jamoatchilik muhokamasi rejalashtirilgan.

Kompaniya loyihaning iqtisodiy samaralari va kutilayotgan natijalarini qayd etdi:

  • Sputnik mahallasi aholisining uy-joy sharoitlarini yaxshilash;
  • Shahar ekologiyasiga so‘zsiz hissa qo‘shadigan yangi obyekt — dendroparkni yaratish;
  • “Gulshonobod” mahallasining rivojlanishi Yangihayot tumanining rivojlanishiga turtki bo‘ladi (bu yuzlab yangi ish o‘rinlari, yangi hududlarni kompleks o‘zlashtirish va boshqalar).

Ushbu loyihada mavjud huquqiy va me’yoriy mexanizmlardan foydalangan holda (jamoatchilik muhokamasi, mulkdorlar yig‘ilishi, bosh rejalarni amalga oshirish, kvartiralarni pardozlashga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish va boshqalar) biz renovatsiya to‘g‘risidagi qonunning poydevorini va mexanizmini yaratmoqdamiz, deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112719 | Инструменты