Farg‘onada Damas boshqaruvidagi 17 yoshli bola BYD bilan to‘qnashib vafot etdi. Holat yuzasidan viloyat YHXB rasmiy ma'lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 30-yanvar kuni o‘tkazilayotgan reyd tadbiri davomida, 2004-yilda tug‘ilgan fuqaro M. G‘. amakisi Yo. G‘.ga tegishli “BYD Song EV” rusumli avtomobilini tegishli hujjatlarsiz boshqarganligi uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, Vazirlar Mahkamasining 149-son qarori asosida YPX inspektori, safdor R. Q. tomonidan jarima maydonchasiga olib ketilayotganda, 2007-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan X. N. ustozi A. S.ga tegishli (ustozi A.S. voyaga yetmagan X.N.ning haydovchilik guvohnomasi yo‘qligini bila turib, avtomobilni unga bergan) “Damas”rusumli avtomobilni haydovchilik guvohnomasiz boshqarib, “Qapchug‘ay” mahallasida ikkinchi darajali yo‘ldan asosiy yo‘lga chiqib yuborishi natijasida, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Natijada, “Damas” avtomashina haydovchisi X. N. tan jarohati olib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.
Sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasi yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Samarqand viloyati Payariq tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31411 | Инструменты