Joriy yil 28-oktyabr kuni Farg‘ona shahrida viloyatdagi yangi xalqaro tibbiy oliygoh – Central Asian Medical University (Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti) rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.Viloyatdagi yirik kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Meridian Diagnostic Hospital” MCHJ muassisligida tashkil etilgan ushbu oliygoh loyihasi uchun shu tashkilot rahbarining o‘z mablag‘lari hisobidan 128 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Oliygoh, bu yil davolash ishi, stomatologiya va pediatriya yo‘nalishlarida 600 nafar talabani qabul qilgan bo‘lsa, kelgusi o‘quv yilidan boshlab 1500 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. U yerda respublikamizda tibbiyot sohasida ko‘zga ko‘ringan professor-o‘qituvchilar, malakali xorijlik mutaxassislar ta’lim berishadi.Central Asian Medical University joriy yil 6-sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan litsenziya asosida faoliyat boshlagan.
Viloyat hokimining ta'kidlashicha, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi so‘nggi olti yilda bir necha barobarga oshgan va viloyatda oliy ta’lim muassasalari soni 12 taga yetgan.
Shuningdek hokim yaqinda Qo‘qonda oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti ham tashkil etilayotganini, bu borada Farg‘ona respublika hududlari orasida eng yuqori o‘rinlarda ekanini qayd etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120500 | Инструменты