“Fast food”lardagi semizlikni keltirib chiqaruvchi yog‘lar hazmi uchun kamida ikki yil kerak.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti joriy yilda insoniyat hayotiga tahdid solayotgan besh asosiy xavf reytingi boshida semizlikni keltirib, buni “fastfud”lar iste’moli avj olishi bilan izohladi.
Tezpishar taomlarning salomatlik uchun qanday zarari bor? Ular qaysi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin?
Ko‘plab xastaliklar noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli yuzaga keladi. Jigar, o‘t qopi, oshqozon-ichak, qon-tomir, endokrin tizimi xastaliklari ko‘pincha nosog‘lom taomlanish asoratlari sifatida izohlanadi.
Semizlik inson organizmiga qanday salbiy ta'sir o'tkazadi?
Ortiqcha vazn tufayli ichki a’zolar faoliyati buzilishi kuzatiladi. Yurak qon haydashga, jigar zaharlarni tozalashga, endokrin bezlar esa organizmni kerakli miqdordagi gormonlar bilan ta’minlashga qiynaladi. Oqibatda semizlik qator surunkali kasalliklarga sabab bo‘ladi.
Fastfudlar tarkibida to‘yingan va transyog‘lar miqdori haddan ziyod ko‘p. Bu esa semizlikni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri. Chunki to‘yingan va transyog‘larning organizmdan to‘liq chiqib ketishi juda qiyin jarayon. Ba’zi manbalarda buning uchun kamida 2 yil vaqt talab etilishi aytiladi.
Inson organizmi 1 kunda qancha Kkal kerak?
Tezpishar taomlarning aksariyati yuqori kaloriyaga ega. O‘rta vaznli erkaklar uchun bir sutkada qariyb 2500 Kkal, ayollar uchun esa 2000 Kkal quvvat talab etilishini inobatga olsak, “fastfud”lar tarkibidagi ortiqcha uglevodlar organizmda to‘planib, vazn ortishiga olib keladi.
Bir kunda o'rtacha qancha miqdorda tuz iste'mol qilish kerak?
Tezpishar mahsulotlar tayyorlashda tuz ko‘p ishlatiladi. Vaholanki, jismoniy sog‘lom inson uchun kuniga o‘rtacha 5 gramm tuz iste’moli me’yoriy ko‘rsatkich.
Ammo bitta lavash yoki gamburger tarkibida 2-3 gramm, o‘rtacha porsiya kartoshka frisida esa 0,5 gramm tuz qo‘llaniladi. Bir taomlanishda yarim kunlik me’yorni iste’mol qilish esa organizm uchun ziyon. Bu yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanishiga turtki bo‘ladi.
Xuddi shunday, fastfudlar bilan birga iste’mol qilinadigan gazlangan shirin ichimliklar, souslar tarkibidagi haddan ziyod shakar qandli diabetni shakllantiruvchi birlamchi mahsulotlar sirasidan.
O‘z navbatida, avstraliyalik olimlar o‘tkazgan tadqiqotda tezpishar taomlar va ular oqibatida shakllanadigan semizlik miya xastaliklari, xususan, aqliy zaiflikni ham keltirib chiqarishi isbotlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51200 | Инструменты