Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida qurilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasiga tashrifi chog‘ida bu kabi loyihalar poytaxt uchun muhimligini ta’kidladi.
“Bu loyihalar bizga havodek kerak. Bunaqa sanoat zonasi har bir rayonda ikkita, uchta, to‘rtta, beshtadan bo‘lsa, ana shunda Toshkent haqiqiy, biz kutgandek sanoat zonasiga aylanadi. Agar investorlarni „siz“ demasak, biz mana shu 200 milliard dollarga [YAIM — tahr.] chiqolmaymiz. Toshkent namuna bo‘lishi kerak. Toshkent 10 milliard dollar investitsiya qilishi kerak”, — dedi davlat rahbari.
“O‘zbekiston 24” telekanali syujetida qayd etilishicha, prezident sanoatni shahar markazidan olib tashlash haqida ham ko‘rsatma bergan.
Xitoyning China CAMC Engineering (CAMCYe) kompaniyasi O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari kompaniya sanoat zonasi infratuzilmasini qurish va uning asosiy investorlaridan biriga aylanishni rejalashtirayotganini aytdi.
Prezident matbuot xizmati CAMCE sanoat zonasini boshqarishi, investorlarni jalb qilishi va infratuzilmani rivojlantirishini ham xabar qildi.
Kompaniya vakilining aytishicha, sanoat zonasi oziq-ovqat, avtomobilsozlik va to‘qimachilik sanoati hamda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish sohalaridan xitoylik investorlarni jalb etishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, 40 dan ortiq kompaniya qiziqish bildirgan.
CAMCE va “Yangi avlod” sanoat zonasi boshqaruvi direksiyasi qo‘shma korxona tashkil etish niyatida.
Xitoyning JAC Motors kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Yu Anning aytishicha, kompaniya zavodi sanoat zonasining 30 gektarida joylashgan bo‘lib, yiliga 50 ming mikroavtobus ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Ilk mahsulotlarning chiqarilishi 2025-yilning ikkinchi choragiga kutilmoqda. Loyiha qiymati 135 million dollarga baholanmoqda.
Zona hududida laboratoriyalar, ilmiy markazlar, konferensiya xonalari va savdo maydonchalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, dual ta’limga ega o‘quv markazi yaratilib, sanoat korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlanadi.
Hududda oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, mashinasozlik va kimyo mahsulotlari kabi sohalarda umumiy qiymati 1 milliard 375 million dollar bo‘lgan 47 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Mazkur korxonalarda 12 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Prezidentning ta’kidlashicha, hududdagi korxonalar yetakchi xalqaro brendlar bilan hamkorlikda ishlaydi. DP World, JAC Motors, Krantas, Acec Japan, East Can Solutions, EAS i Evyap kabi korxonalar eksportga yo‘naltirilgan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112616 | Инструменты