"Hududgazta'minot" xonadonlardagi uy ichi gaz jihozlarini monitoring qilish va ularga servis xizmat ko‘rsatish dasturini ishga tushirmoqda
“Hududgaz Raqamlashtirish” filiali xodimlari “HGT Service” dasturiy ta'minotni - gaz uskunalarining holati to‘g‘risida batafsil ma'lumotlarni masofadan yig‘ish hamda har bir abonent bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gazdan oqilona foydalanishni nazorat qilish texnologiyasini ishlab chiqdi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar qildi.
Ta'kidlanishicha, ushbu dastur gaz uskunalarini kundalik hayotda ishlatishda iste'molchilar xavfsizligini ta'minlashga, gaz ta'minoti tizimi xodimlari tomonidan gaz jihozlariga texnik va profilaktik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha majburiy xizmatlar sifatini baholash va o‘zaro hisob-kitoblarni naqd pulsiz amalga oshirishga qaratilgan.
Iste'molchilarga qulaylik yaratish uchun ishga tushirilayotgan yangi dasturiy ta'minot abonentning shaxsiy ma'lumotlari, xonadon geolokatsiyasi va telefon raqami kabi ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, dasturga iste'molchida maishiy gaz uskunalarining mavjudligi va ularning texnik holati to‘g‘risida ma'lumotlar kiritilgan. Dasturning yana bir xususiyati shundaki, u xizmat sifatini baholash yoki shaxsiy kabinet orqali iste'molchining shikoyatini uzatish imkoniyatiga ega.
“HGT Service” dasturi gaz yetkazib beruvchi va iste'molchi o‘rtasida gaz uskunalariga profilaktik va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solish va ularni naqd pulsiz amalga oshirishga imkon beradi. Ko‘rsatilgan servis xizmatlar uchun to‘lov (invoys) SMS orqali onlayn rejimida taqdim etish yo‘li bilan amalga oshiriladi va buning to‘g‘risidagi xabar xizmat tugagandan so‘ng darhol iste'molchining telefoniga keladi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekistonda hovli uylarda gaz jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish davriyligi yiliga kamida bir marta, ko‘p qavatli uylarda – ikki yilda bir marta etib belgilangan. Iste'molchining xohishiga ko‘ra, gaz ta'minoti tashkilotlari xodimlari gaz ta'minoti sohasida qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishga tayyor. Bu bo‘yicha tegishli arizani 1104 qisqa raqami orqali yagona Koll-markazga qo‘ng‘iroq qilish yoki iste'molchining shaxsiy kabineti orqali qoldirish mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41217 | Инструменты