London xalqaro amaliy tizimli tahlil instituti (IIASA) va Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti tomonidan dunyodagi birinchi iqlimiy xavfli zonalar global xaritasi tuzildi. Tadqiqot Proceedings of the National Academy of Sciences (PNAS) ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Mutaxassislar so‘nggi 65 yildagi isssiqlik to‘lqinlarini o‘rganib, ekstremal issiqlik o‘rtacha mavsumiy haroratlarga solishtirganda kuchliroq namoyon bo‘layotgan mintaqalarni belgilashdi.
Bu issiqlik to‘lqinlarining ayrimlari 2000-yillar boshida va undan oldin, ammo asosan so‘nggi besh yilda kuzatilgan.
Iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p talafot ko‘rgan mintaqalar — markaziy Xitoy, Yaponiya, Koreya, Arabiston yarimoroli, sharqiy Avstraliya hamda Janubiy Amerika va Arktikaning ayrim qismlari.
Biroq eng kuchli va davomli signallar shimoli-g‘arbiy Yevropada kuzatilgan, issiqlik to‘lqinlari seriyalari 2022-yilda taxminan 60 ming nafar, 2023-yilda 47 ming nafar insonning o‘limiga olib kelgan.
Iqlim ofatlari Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va boshqa mamlakatlarda ham sodir bo‘ldi. Shu yilning sentyabrida Avstriya, Fransiya, Vengriya, Sloveniya, Norvegiya va Shvetsiyada yangi maksimal harorat rekordlari o‘rnatildi. AQSh janubi-g‘arbiy qismi va Kaliforniyaning ko‘plab nuqtalarida ham oktyabr oyigacha rekord harorat kuzatildi.
Ushbu hududlarda ekstremal haroratlar yozning o‘rtacha haroratidan tezroq ko‘tarilmoqda, bu esa so‘nggi bir necha o‘n yilliklar ichida eng ilg‘or iqlim modellari tomonidan bashorat qilinganidan ancha yuqori.
Biroq, tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ko‘plab boshqa hududlarda harorat yuqorilashi iqlim modellari bashorat qilganidan birmuncha past. Bular: AQShning shimoliy kengliklari va Kanadaning janubi, Janubiy Amerikaning ichki hududlari, Sibirning katta qismi, shimoliy Afrika va shimoliy Avstraliya.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112813 | Инструменты