Markaziy bank 2027-yilga kelib pul o‘tkazmalari hajmi yiliga 10−15% o‘sishini prognoz qilmoqda. Bu haqda 26-noyabr kuni ommaviy axborot vositalari bilan o‘tkazilgan muloqotda Pul-kredit siyosati departamenti rahbari Eldor Zokirov ma’lum qildi.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $11,3 mlrdni tashkil etdi. Markaziy bank yil yakunida bu $14,6 mlrdga yetishini kutmoqda, ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 25−30%ga ko‘pdir. Bu esa Rossiyadagi iqtisodiy o‘sish, boshqa mamlakatlardan tranzaksiyalarning ko‘payishi hamda mehnat muhojirlarining ish haqi oshishi bilan izohlanadi.
2025-yilda regulyator pul jo‘natmalari $16,1 mlrdga (o‘sish — 9−11%), 2026-yilda $17,6 mlrdga (9−12%), 2027-yilda esa $19,9 mlrdga (10−15%) yetishini prognoz qilmoqda.
Eldor Zokirov Rossiyada ishchi kuchining taqchilligi ish haqi oshishiga olib kelishini, bu esa o‘zbekistonliklarning pul o‘tkazmalari hajmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Shu bilan birga, ish haqi oshishi dollarga nisbatan 100dan yuqori kursda sotilayotgan rubl qiymatining ehtimoliy zaiflashuvini qoplaydi.
Bundan tashqari, Pul-kredit siyosati departamenti rahbari o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining qurilish sohasidan an’anaviy ravishda ish haqi yuqori bo‘lgan xizmat ko‘rsatish sohasiga o‘tish tendensiyasiga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, Markaziy bank mehnat migratsiyasini diversifikatsiya qilish O‘zbekistonga pul tushumlarining sezilarli darajada o‘sishiga olib keladi, deya hisoblamoqda.
Joriy yilning to‘qqiz oylik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning pul o‘tkazmalarining umumiy hajmidagi ulushi 77%dan oshadi. Tranzaksiyalar eng ko‘p kelib tushadigan beshta davlat qatoriga Qozog‘iston, Janubiy Koreya, AQSh va Turkiya kiradi. Buyuk Britaniya, Polsha va BAAda sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121301 | Инструменты