Indoneziyaning G'arbiy Yava provinsiyasi markazi – Bandung shahrida joylashgan Indoneziya ta'lim universitetida "O'zbekiston kuni Bandungda" nomi ostida anjuman o'tkazildi.
Tadbirda oliygoh professor-o'qituvchilari va talabalari, mahalliy hokimiyat vakillari hamda matbuot xodimlari ishtirok etdi.
Indoneziya ta'lim universiteti rektori professor Muhammad Solihuddin mazkur tadbir universitetning akademik-madaniy hayotida muhim voqea bo'lganini e'tirof etib, talabalarning dunyoqarashini kengaytirish, Indoneziyaga do'st bo'lgan xorijiy mamlakatlar hayoti haqida ma'lumotga ega bo'lish, o'zbek xalqi tarixi va madaniyatini anglash hamda oliygohning xalqaro aloqalarini mustahkamlash uchun noyob imkoniyat ekanligini alohida ta'kidladi.
"Xalqlarimizni ko'p asrlik tarix va madaniy meros bog'lab turadi. XIV asrda Indoneziyaga islomning kirib kelishida va ushbu dinning xalqimiz asosiy e'tiqodiga aylanishida Markaziy Osiyo hududida yetishib chiqqan ulamolar muhim o'rin tutadi.
Mamlakatlarimiz o'rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish zarur deb hisoblayman.
Universitetimizda tahsil olayotgan o'zbekistonlik talaba yoshlar chuqur bilim va yuqori madaniyat sohibi ekanliklarini amalda isbotlab, o'qish jarayonida yuqori ko'rsatkichlarni namoyish etmoqda. Ularning barchasi imtihonlardan yuqori ballar o'tgani quvonarli hol.
Indoneziya ta'lim universiteti O'zbekistonning turdosh oliygohlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan o'z faoliyatini davom ettiradi" – deya ta'kidladi universiteti rektori.
Muhammad Solihuddin Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining "faxriy doktori" unvoniga sazovor bo'lganidan nihoyatda mamnunligi, ushbu ilmiy darajaga ega bo'lish va oliygohga aloqadorlik hissini idrok etish u uchun katta sharaf ekanligini alohida qayd etdi.
Tadbir davomida o'zbek milliy hunarmandchilik asarlari ko'rgazmasi tashkil etildi va palov tayyorlash bo'yicha master-klass o'tkazildi.
Ma'lumot uchun, Bandung shahrida dunyoning top 1000 taligiga kiruvchi 10 dan ortiq universitet joylashgan. Shu jumladan, almashinuv dasturi doirasida 77 nafar o'zbekistonlik talaba Indoneziya ta'lim universitetida tahsil olmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122218 | Инструменты