Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilmoqda

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Maʼlumki, keyingi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlariga intellektual faoliyat natijalarini joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatini va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning qo‘shimcha qiymat bilan realizatsiya qilinishini taʼminlash maqsadida intellektual mulkni ishonchli tarzda huquqiy muhofaza va himoya qilish sohasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual faoliyati natijasida yaratilgan mulkning daxlsizligini taʼminlash, jamiyatda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish hamda fuqarolarning o‘z huquqlarini himoya qilishdan manfaatdorligini taʼminlovchi huquqiy mexanizmlarni qonunchilikda mustahkamlash zaruriyati yuzaga kelmoqda. Bundan tashqari, intellektual mulkning taʼsirchan huquqiy mexanizmlar bilan himoya qilinishini taʼminlash ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish uchun qonunchilikni takomillashtirish siyosatini izchil davom ettirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.

Ushbu hujjat bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga ko‘ra huquqbuzar tomonidan tovon to‘lash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, patent egasi o‘zining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishi mumkin. Bunda tovon zararlar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda to‘lanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.

Qonun jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga, mazkur sohadagi huquqbuzarliklar profilaktikasining sifatini oshirishga, shuningdek huquqbuzarliklar sonining kamayishiga hamda intellektual mulkning himoya qilinishini kuchaytirishga va raqamli muhitda ijodiy faoliyatga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishning taʼsirchan mexanizmlari tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70109 | Инструменты