Internetda giyohvandlik vositalarini tarqatganlik, reklama qilganlik uchun maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik belgilanadi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining yoki psixotrop moddalarning, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, mamlakatda giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining va psixotrop moddalarning, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli choralar amalga oshirilmoqda.

Maʼlumki, bugungi kunda voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda hamda telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish orqali giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining
va psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasi ortib borayotganligi munosabati bilan ushbu huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish talab etilmoqda.

Shu bilan birga giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatganlik yoki reklama qilganlik uchun odillik prinsipiga muvofiq jazo choralarini qo‘llash maqsadida mazkur turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu hujjat bilan giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish orqali qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda, shuningdek giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo‘natganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Senatorlar taʼkidlashicha, mazkur Qonun giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarni targ‘ib yoki reklama qilishning hamda ularning qonunga xilof muomalasining oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70110 | Инструменты