Adliya vazirligiga fuqarolar tomonidan ishxonada xodim ish vaqtida telefonda gaplashish mumkinligi yoki mumkin emasligi haqida murojaatlar kelib tushdi. Vazirlikning ma'lum qilishicha, xodimning mehnat vazifalari ichki tartib-qoidalarida, intizom to‘g‘risidagi ustav va nizomlarda, korxonada qabul qilinadigan lokal hujjatlarda (jamoa shartnomalarida, yo‘riqnomalar va hokazolarda), mehnat shartnomasida aniq belgilab qo‘yiladi.
"Har bir xodim o‘ziga yuklatiladigan mehnat vazifalari doirasi bilan oldindan tanishtirilishi lozim. Agar tashkilot ichki lokal hujjatlarida xodimlarga uyali aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlangan bo‘lsa yoki telefon ishlatish yuzasidan alohida talablar belgilangan bo‘lsa, xodimlar, albatta, bu talablarga rioya etishlari kerak bo‘ladi", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, mazkur talablarga rioya qilmagan xodimlarga:
1) hayfsan;
2) o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima. (Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima solish hollari ham nazarda tutilishi mumkin);
3) mehnat shartnomasini bekor qilish (Mehnat kodeksi, 100-modda ikkinchi qismining 3 va 4-bandlari) kabi intizomiy jazolardan biri qo‘llanilishi mumkin.
Qayd etilishicha, uyali telefon ishlatish bo‘yicha talablar ichki qoidalarda belgilanmagan taqdirda ham, xodim o‘z mehnat vazifalariga kirmaydigan va unga xalaqit beradigan ishlarni bajarganligi hamda ish vaqtini behuda sarflaganligi uchun yuqoridagi javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62106 | Инструменты