Vazirlar Mahkamasining “Respublikada issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini sog‘lomlashtirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Faoliyati qayta tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklarini boshqarish maqsadida tijorat banklari tomonidan investitsiya kompaniyalari tashkil qilinadi. Bunda banklarga:
- issiqxona majmualarini investorlarga, shu jumladan, respublikaning boshqa hududlariga ko‘chirib o‘tkazish orqali sotish;
- issiqxona xo‘jaligi tomonidan qo‘shimcha garov taʼminotini taqdim etish hisobiga issiqxona majmualarini taʼmirlash va aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit resurslarini ajratish;
- tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutadagi kreditlarni ularning kredit siyosatlari doirasida milliy valyutada qayta rasmiylashtirishni ko‘rib chiqishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirish maqsadida tijorat banklari Agrosanoatni rivojlantirish agentligi yordamda yuqori malakali agronomlarni jalb qilishadi.
Issiqxona xo‘jaliklari va ularga ajratilgan kreditlarni yangi mulkdorga qayta rasmiylashtirishda «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan ilgari berilgan kafillik va kompensatsiyalar bo‘yicha shartnomalarni qayta tuzishga ruxsat beriladi
Bundan tashqari, issiqxona xo‘jaliklariga xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar milliy valyutada qayta rasmiylashtirilganda, «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan Markaziy bankning asosiy stavkasining 4 foizlik punktidan yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkadagi kreditlarga hududlar toifasidan kelib chiqqan holda, kompensatsiya taqdim etiladi.
Kredit bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish hisobiga undiruv qaratiladigan garovga qo‘yilgan mol-mulkni (issiqxona majmuasi va uskunasi), istisno tariqasida, bozor bahosida qayta baholab, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishga ruxsat berilmoqda.
Mazkur choralar dastlabki tarzda Xorazm viloyatida, keyin esa respublikaning boshqa xududlarida amalga oshiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120214 | Инструменты