Joriy yilning 15-avgustidan Samarqand arxeologiya instituti Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti Ipak yo‘li arxeologiyasi tadqiqot markazi bilan hamkorlikda Surxondaryoning Sho‘rchi tumanidagi Ozod yodgorligida arxeologik qazuv-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Madaniy meros agentligi ma'lumotiga ko'ra, ushbu yodgorlik 2023-yilda Surxondaryo havzasining sharqiy qismida o‘tkazilgan dala-qidiruv ishlari davomida aniqlangan. U Ozod qishlog‘ining janubi-sharqida, Dalvarzintepa yodgorligidan qariyb 6 kilometr janubi-sharqda joylashgan.
Maydoni taxminan 200*100 metr bo‘lgan yodgorlik hududida 100 ga yaqin qabr mavjudligi aniqlangan. Joriy yilda yodgorlikning janubi-g‘arbiy qismida 10 dan ortiq qabrda arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, qabrlardagi tuzilish va aniqlangan arxeologik ashyolar Sopolli madaniyati yodgorliklariga xos jihatlarga ega. Radiokarbon (¹⁴C) tahlillari hamda topilmalarning qiyosiy-tipologik o‘rganilishi yodgorlikni miloddan avvalgi 1700–1500-yillarga borib taqalmoqda.
Ozod yodgorligi Surxondaryo havzasida aniqlangan eng qadimgi qabristonlardan biri sifatida mintaqadagi qadimgi dafn an’analarining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini o‘rganishda muhim ilmiy ahamiyatga ega. Ayni paytda yodgorlikda arxeologik dala-qazuv tadqiqotlari davom etmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91017 | Инструменты