Huawei 1
Jismoniy shaxslarning pilladan oladigan daromadi soliqdan ozod qilinishi mumkin

Joriy yilning 14-oktabr kuni Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Coliq kodeksining 483-moddasiga ipakchilik tarmog‘ini yana-da rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni dastlabki tarzda muhokama qildi.

Mamlakatimizda ipakchilik sohasini yana-da rivojlantirish, tutzorlarni tashkil etish va ipak qurtini boqish orqali aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha tizimli mexanizmlar joriy etilgan.

Jumladan, qishloq joylarda aholi bandligini taʼminlashda muhim tarmoqlardan biri hisoblangan pillachilikda izchil islohotlar amalga oshirilib, bugungi kunda respublikamizda 71 ta pillani qayta ishlash hamda 11 ta ipak qurti urug‘chiligi korxonalari va 16 ta tutchilik xo‘jaliklarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, sohada 108 mingta doimiy va 1,1 millionta mavsumiy ishchilarning bandligi taʼminlangan.

Yaratilgan imkoniyatlar bilan bir qatorda pilla yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali sohadagi bandlikni oshirish, shuningdek, bozor mexanizmlarini joriy qilish ishlarini jadallashtirish masalalari dolzarb hisoblanadi.

Muhokama qilingan Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga tegishli qo‘shimcha kiritilib, 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirish (kasanachilik) faoliyatidan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, pilla yetishtiruvchi yuridik shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lari (bo‘shagan mablag‘larni kasanachilarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish sharti bilan) ijtimoiy soliqdan ozod qilinishi taklif etilmoqda.

Qonunda pilla yetishtirish sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun yer solig‘i xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent qo‘llanilgan holda hisoblab chiqarilishi belgilanmoqda.

Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101516 | Инструменты