Joriy yilning 18-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining ochiq sudida JKning 97-moddasi 2-qismi “a,p,j” bandlari va 173-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan ayblangan sudlanuvchilar H.H. va Ya.E.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, sudlanuvchilar Ya.H. va Ya.E. yosh qo‘shnisi S.M. bilan o‘rtalaridagi yer va mol-mulk nizolari bo‘yicha oldindan kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik sababli shu yilning 5 may kuni S.M.ning o‘g‘li B.M. bilan Ya.H.ning turmush o‘rtog‘i G.H. (ayol kishi) o‘rtasida kelib chiqqan janjal natijasida, B.M. G.H.ning bosh sohasiga o‘zi bilan birga olib kelgan tayoq bilan urib tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng, sudlanuvchilar Ya.H. va Ya.E. qo‘shnisi S.M. va uning turmush o‘rtog‘i S.M.ni (ayol kishi) qasddan o‘ldirib, o‘ch olish va ularning mulkini qasddan nobud qilib, shikast yetkazishni maqsad qilib jinoiy reja tuzishgan.
Sudlanuvchi H.H. joriy yil 15 may kuni soat 13:30 atrofida qo‘shnisi S.M. boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasida turmush o‘rtog‘i bilan kelayotganligidan xabar topib ularni yashash uyining oldidan o‘tgan avtomobil yo‘lidan kelishini kutib, kuzatib turishgan. S.M. avtomashinasida uyiga kelayotganligini ko‘rgan sudlanuvchilar qo‘llariga yashash uyidan temir bo‘laklarini olib, qurollangan holda yo‘lga chiqib, qo‘llaridagi temir bo‘laklari bilan jabrlanuvchining avtomashinasini to‘xtatib, avtoulovning old oynasiga temir bo‘lagi bilan bir necha marotaba zarba berib, oynalarini sindirib, S.M.ni avtomashinasidan kuch bilan tushirib uning hayot uchun muhim aʼzosi bo‘lgan bosh, yelka, ko‘krak qafasi va boshqa duch kelgan sohalariga qo‘llaridagi temir bo‘laklari bilan bir necha marotabadan zarb bilan urishib og‘ir tan jarohati yetkazishgan.
Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan, S.M. olgan tan jarohatlari oqibatida 2024 yil 17 may kuni Zomin tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Shundan so‘ng, sudlanuvchi E.Ya. otasi H.H.ning topshirig‘iga asosan avtomashina saloni orqa o‘rindig‘idan tushib, turmush o‘rtog‘iga yordam berishni so‘rab baqirib qochayotgan S.M.ning (ayol kishi) orqasidan quvib borib, ushlab, avtomashina orqa tomoniga sudrab kelib, uni qasddan o‘ldirish maqsadida hayot uchun muhim aʼzosi bo‘lgan bosh sohasiga qo‘lidagi temir bo‘lagi bilan bir necha marotaba urib, uni qasddan o‘ldirishgan.
Sudlanuvchilar ushbu holatdan keyin jinoiy harakatlarini davom ettirishib M.H.ga tegishli bo‘lgan S.M. boshqaruvidagi avtomashinani yoqib yuborishgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi H.H. JKning 97-moddasi 2-qismi “a,j,p” bandlari va JKning 173-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga JKning 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchi Ya.E. JKning 97-moddasi 2-qismi “a,j,p” bandlari va JKning 173-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga JKning 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112720 | Инструменты