Huawei 1
Jomboy tumanidan V-VIII asrlarga oid Kabudan shahri qoldiqlari topildi

Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti, Berlin-Brandenburg Fanlar akademiyasi va Yaponiyaning Kiota sanʼat universiteti olimlari hamkorligida Jomboy tumanidagi Mingtepa yodgorligida olib borilayotgan arxeologik o‘rganishlar natijasida V-VIII asrlarga oid Kabudan shahri qoldiqlari topildi.

Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodovning taʼkidlashicha, Kabudan ark, shahriston va rabotdan iborat bo‘lgan. Ark qismida shahar hukmdori, shahristonda zodagonlar, shahar tashqarisida oddiy aholi yashagan. Shaharning uchala qismi ham mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan bo‘lib, hududda savdo-sotiq, hunarmandchilik, meʼmorchilik va shaharsozlik yaxshi rivojlangan.

Shahar turk xoqonligi davrida, yaʼni VI-VIII asrlarda gullab- yashnagan va turk-so‘g‘d munosabatlari, savdo-sotiq, madaniy aloqalar rivojlangan. Buni yodgorlikda olib borilayotgan qazishma ishlari davomida topilgan turk xoqonligining tangalarida ham ko‘rish mumkin. Ushbu topilmalarni o‘z holicha saqlab qolish, tadqiqotlarni davom ettirish va kelajak avlodga yetkazish maqsadida yodgorlikni YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish rejalashtirilgan.

– Bu qadimiy shahar Sug‘dga kirishdagi ilk kent hisoblanadi, – deydi Germaniyadagi Berlin-Brandenburg Fanlar akademiyasi katta ilmiy xodimi, Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti arxeologiya bo‘limi dotsenti Alisher Begmatov. – Lekin Kabudan haqidagi maʼlumotlar faqat qadimgi Xitoy manbalarida uchraydi. Bu shahar tepaliklardan iborat bo‘lgani uchun Mingtepa yodgorligi deb, nomlanadi.

Ayni paytda hududda 60 ga yaqin tepalik mavjud. Shahar arablar istilosi tufayli VIII asr boshlarida vayron qilinadi va VIII  asrning ikkinchi choragida shaharning barcha hududlarida hayot to‘xtaydi. Bu yerdan topilgan sopol idishlar, tangalar va turli buyumlardan ko‘rish mumkinki, XI asrda, yaʼni qoraxoniylar davrida Kabudan shahrida yana hayot boshlanadi.
Mingtepa yodgorligining shahar qismi 40 gektar bo‘lib, qishloq okruglari bilan hisoblaganda hudud 400 gektarni tashkil etgan. 

– Qazishma ishlari davomida yodgorlik  o‘rtasidan sharq-g‘arb yo‘nalishida yo‘l o‘tgani aniqlandi, – deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti kichik ilmiy xodimi Husniddin Rahmonov. – Eʼtiborlisi, bu yo‘l hozirgacha saqlanib qolgan.

Sharqiy darvozadan kirib borishda yo‘lning o‘ng tomonida shahriston, chap tomonida ark joylashgan. Arkning  balandligi taxminan 12 metrni tashkil etadi. Shahriston tashqi mudofaa devori bilan o‘ralgan bo‘lib, devorning har ikkala tomonidan 90x40, 50x40, 25x25 metrli qo‘riqchi minoralar va qishloq makonlari joylashgan. Shahristonning shimoliy qismida 200 metr uzunlikda unga qo‘shimcha kuchaytirilgan mudofaa devori va undan keyin shahriston mudofaa devori qurilgan. Shahar shimoldan oqib o‘tgan Bulung‘ur arig‘idan suv olgan.

2023 yilda shahristonning g‘arbiy qismida zodagonlarning ikki qavatli xonalari o‘rni ochib o‘rganildi. Xonalarning eni 2,5 metrdan 3 metrgacha, uzunligi 6-10 metr bo‘lib, balandligi 3-5 metrni tashkil etadi. 7-xonadan eni 1,20 santimetr, uzunligi 3,70 santimetr, qalinligi 10 santimetr bo‘lgan supa aniqlandi. 

Birinchi qavat devorlari paxsadan qurilgan, uning ustidan somonli loy bilan suvalgan. 7-8-xonalar bir-biri bilan bog‘liq. Bu xonalarning ikkinchi qavatini 8-xonaning chiqish eshigi qismida ikkita, o‘lchami 25-30 santimetrli katta ustunlar devorning ikkala burchagiga o‘rnatilgan. Ushbu ustunlar o‘z navbatida ikkinchi qavat yog‘och pollarini ushlab turishda yordam bergan.

Ikkinchi qavat devori 50x25x8-10 santimetr o‘lchamdagi g‘ishtlar bilan ichkariga tortilib, arka qilib, tom usti yopilgan. O‘rta Osiyoda V-VIII asrlarda tomni arkasimon qilib yopish keng tarqalgan.

Xonalardan topilgan kulollik namunalari VII-VIII asrning birinchi yarmi bilan davrlanadi. Qazishmalar davomida kundalik turmush tarzi, savdo-sotiq ishlarida ishlatilgan So‘g‘d shohi Turgar tomonidan zarb qilingan bir qancha tangalar aniqlandi. Shuningdek, o‘choqboshi, qozon, dekcha, qumg‘on, kosa, ko‘za, piyola, finjon, likop, likopcha, tovoq, katta hajmdagi xum, xumcha, suv ko‘za va boshqa turdagi kulollik idishlari topildi.

Bugungi kunda Mingtepa yodgorligida qazishma ishlari davom etayotgan bo‘lsa-da, aholi va tadbirkorlar tomonidan yodgorlik hududida qurilish ishlarini amalga oshirish, tuproq olib ketish yoki chiqindi tashlash holatlari kuzatilmoqda. Arxeologlarning taʼkidlashicha, ushbu masala yuzasidan Madaniy meros agentligiga murojaat qilingan, ammo hozircha bundan naf bo‘lmayapti. Umid qilamizki, Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi, hokimlik ushbu masalaga eʼtibor qaratib, qadimiy tariximiz bilan bog‘liq maskanning saqlab qolinishi va o‘rganilishi uchun sharoit yaratishga yaqindan yordam beradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111707 | Инструменты