O‘zbekistonda 2025-yil 1-iyuldan boshlab ko‘p qavatli uylar massivlaridagi tuproq va yashil qoplamali umumiy foydalanishdagi hududlarni o‘zboshimchalik bilan betonlashtirganlik, qurilma va konstruksiyalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi. Bu 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan.
Dasturda, shuningdek, tuproqning unumdor qatlamini saqlab qolish va yashil hududlarni asrash maqsadida yana bir qancha takliflar igari surilgan.
Xususan, 2025-yil 1-avgustdan boshlab pishgan g‘isht ishlab chiqarishdan muqobil texnologiyalardan keng foydalanishga o‘tish maqsadida devorbop materiallardan (penoblok, gazoblok) keng foydalanuvchi qurilish tashkilotlariga «Shaffof qurilish» platformasida ustuvorlik berilishi rejalashtirilgan.
2026-yil 1-yanvardan boshlab pishgan va xom g‘isht ishlab chiqarishda yer va yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.
2027-yil 1-yanvardan boshlab yer resurslarini muhofaza qilish va tuproqning unumdor qatlami yo‘qolib ketishining oldini olish maqsadida qishloq xo‘jaligiga, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, o‘rmon va suv fondi yerlarida tuproq karyerlari faoliyati taqiqlanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ko‘p qavatli turarjoylarni loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilishda yerusti va yerosti avtomobil turargohlari nazarda tutilishi, oqova, yomg‘ir va texnik suvlardan sug‘orishda foydalanish tizimlarini tashkil etish majburiy etib belgilanishi kutilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11001 | Инструменты