Huawei 1
Trampning maxsus vakili Ukrainadagi urushni tugatish muddatini aytdi

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 20-yanvardagi inauguratsiyadan keyin 100 kun ichida Ukrainadagi urushni tugatishi mumkin. Bu haqda Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog xabar berdi.

Kellog ta’kidlashicha, u “shaxsiy va kasbiy” jihatdan o‘zi uchun mojaroni hal etishda natijalarga erishish mumkin bo‘lgan 100 kunlik muddat belgilashni istaydi.

Menimcha, u (Tramp) buni yaqin kelajakda uddalay oladi. Men uning bu urush haqiqatan ham tugashiga olib keladigan vaziyatga erishish qobiliyatiga ishonaman, degan u.

Kellogning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish jarayonida Moskva yoki prezident Vladimir Putinga yon berish niyatida emas.

Odamlar shuni bilishlari kerakki, u Putin yoki ruslarga biror narsa berishga urinmayapti. U Ukrainani qutqarishga va uning suverenitetini saqlab qolishga harakat qilmoqda, hamda bu adolatli va haqqoniy bo‘lishiga ishonch hosil qilmoqchi, dedi Kellog.

Tramp kelishuv jarayonida ham Putin, ham Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar olib borish niyatida. Kellog ketayotgan prezident Jo Baydenning eng katta xatolaridan biri Putin bilan muzokara olib bormagani ekanini aytdi.

7-yanvar kuni Tramp yarim yil ichida Ukraina mojarosini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lishiga umid bildirdi. U, shuningdek, Putinning muloqotga tayyorligidan xabardorligini, ammo 20-yanvarga rejalashtirilgan inauguratsiyasiga qadar aloqalarni istisno qilganini aytdi.

Bundan tashqari, respublikachi Ukrainaning NATOga kirishiga qarshi bo‘lgan Rossiyaning “his-tuyg‘ularini” tushunishini ta’kidladi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Kiyev o‘rtasida barcha tomonlarni qoniqtiradigan “bitim bor edi”, ammo uni Bayden buzgan.

AQShdagi 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda Tramp 312 ta, Harris esa 226 ta ovoz oldi. G‘alaba qozonish uchun esa 270 ta ovoz olish lozim edi. Tramp rasman 2025-yil 20-yanvarda davlat rahbari lavozimiga kirishadi. U prezidentlik davrida urushni 24 soat ichida tugatishni va‘da bergandi, shuningdek, Ukrainaga harbiy yordam ajratilishini tanqid qilgan.


Ukrainaning urushni tugatish shartlari

Ukraina qo‘shinlarni 1991-yil chegaralariga olib chiqishni nazarda tutuvchi “tinchlik formulasi”ni amalga oshirishni talab qilmoqda. Gap 2014 va 2022-yillarda Rossiya tomonidan u yerda o‘tkazilgan “referendumlar” va Ukrainaning Qrim, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlari noqonuniy anneksiya qilingani haqida ketmoqda. Moskva “tinchlik formulasi” asosida muzokaralar olib borish imkoniyatini istisno qiladi.

Rossiya shartlari

Putin o‘t ochishni to‘xtatish uchun o‘z shartlarini ilgari surdi, jumladan, Ukraina qo‘shinlari o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilingan DXR, LXR, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan olib chiqilishi, ushbu to‘rtta hudud va Qrim go‘yoki xalqaro miqyosda Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga a’zolikdan voz kechishi va sanksiyalarni olib tashlash. Zelenskiy bu taklifni “ishonib bo‘lmaydigan” ultimatum deb atadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11004 | Инструменты