Huawei 1
«Konsertni tadbirkorlar tashkillashtirmoqda». Madaniyat jamg‘armasi — Jennifer Lopesning konserti xarajatlari, “Bunyodkor” stadionining holati haqida

16 iyun kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi, Turizm qo‘mitasi vakillari kreativ turizmni rivojlantirish borasidagi ishlar hamda 7 avgust kuni O‘zbekistonda ilk bor o‘tadigan Jennifer Lopesning konserti haqida maʼlumot berdi.

Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimovning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik xonandaning O‘zbekistondagi konserti Up All Night — Live in 2025 jahon turnesi doirasida bo‘lib o‘tadi. Uning mamlakatga kelib-ketishi va konserti xarajatlari uchun davlat byudjetidan mablag‘ sarflanmayapti, tadbirni tadbirkorlar tashkillashtirmoqda.

«Jennifer Lopezning O‘zbekistonga tashrif buyurishi bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlatdan bir tiyin ham mablag‘ olinmasdan amalga oshirilyapti. Toshkentdagi tadbirlar tashkillashtiradigan hamkor firmalar bilan birgalikda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tadbir tashkillashtirilmoqda. Lopezning Toshkentga kelib-ketishi, gonorari, barcha xarajatlari tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi», — deya taʼkidladi jamg‘arma vakili.

“Bunyodkor” stadioni konsert dasturi o‘tkazishga tayyormi?

Maʼlum qilinishicha, konsert dasturi bo‘lib o‘tadigan Toshkentdagi eng katta futbol stadioni maydoni texnik jihatdan ham, gazonning xavfsizligi tomonidan ham konsert o‘tkazishga tayyor.

«Tadbirkorlarimiz xonandaning ishchi guruhi bilan shartnoma tuzishga kelishishidan oldin konsert o‘tishi reja qilingan „Bunyodkor“ stadionida 2 ta tajriba o‘tkazib ko‘rdik. Maydonga tushadigan bosim yuklamasi qanchalik bardoshli ekanini tekshirib ko‘rish uchun maxsus qurilmalarni olib keldik», — dedi Elmurod Najimov.

Tajriba vaqtida 2 kv metr maydonga yarim tonna og‘irlikdagi yukni qo‘yib, uni 2 sutkaga o‘sha yerda qoldirdik. Uni ochib tekshirganimizda, o‘sha yerdagi gazonning holati yaxshi ekanini ko‘rdik. Eksperiment yaxshi o‘tdi. Texnik jihatdan ham, gazonning xavfsizligi tomonidan ham maydon konsert o‘tkazishga tayyor, deya taʼkidladi u.

Shuningdek, tadbirda qatnashgan jurnalistlar xonandaning chiqishlaridagi xatti-harakati mamlakatdagi madaniyatga nisbatan o‘zgacha ekani, shu nuqtai nazardan bu holat bo‘yicha tashkilotchilarning fikrini so‘radi.

«Hozir Lopezning tashkiliy ishchi guruhi bilan munozaralar olib boryapmiz, yaʼni biz ham to‘xtab turganimiz yo‘q. Biz bu jarayonda davlat tashkiloti sifatida tadbirkorlarga ko‘mak beryapmiz. Tadbirni tadbirkorlar tashkillashtirmoqda… Agar biz shu tadbirni chiroyli tarzda o‘tkazib, xalqaro madaniy arenaga shu kabi tadbirlarga tayyorligimizni ko‘rsatib bera olsak, Jennifer Lopezdan ham kuchli bo‘lgan jahon yulduzlarining O‘zbekistonda konsert berish ehtimoli foizi ortadi», — deya tushuntirdi Elmurod Najimov.

Bundan tashqari, tig‘iz ish grafigi tufayli sanʼatkorning O‘zbekistonda Toshkentdan tashqari boshqa viloyatlarga tashrifi haqida aniq maʼlumotlar yo‘q. Keltirilishicha, har bir davlatda beriladigan konsert dasturlari orasida faqat 2 kun bo‘sh vaqt mavjud va bu vaqtda xonanda dam oladi, boshqa mamlakatga parvozini amalga oshiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61716 | Инструменты