Huawei 1
Korrupsiyaga qarshi kurashishda quyi palataning “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida davlat rahbarining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishidagi nutqida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha quyi palata va uning organlari oldida turgan vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov Prezident ma’ruzasida ilgari surilgan tashabbuslarga to‘xtalar ekan, parlament oldida turgan ustuvor vazifalarni aytib o‘tdi:  

— Mas’ul qo‘mitalarimiz qonun loyihalarini korrupsion ekspertizadan o‘tkazishlari lozim. Korrupsiyaning oldini olishda parlament nazoratini qay daradaja olib boryapmiz? Hukumat a’zolarini tayinlashda parlamentning o‘rni bo‘lishi kerak. Hukumat soati, parlament eshituvi, parlament so‘rovi, deputat so‘rovi kabi institutlarimizdan korrupsiyaning oldini olishda samarali foydalanishimiz lozim.  

Deputatlar saylov okruglaridagi faoliyati davomida sohalarni o‘rganishi, fuqarolar bilan suhbatlashib, joylardagi korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish masalasini parlamentga olib chiqishlari lozim.  

Korrupsiyaga qarshi kurashishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Milliy ma’ruzasini eshitish, buning yakunlari bo‘yicha raqamlashtirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish holatlari, korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirlik va idoralarning axborotini eshitish lozim.  

Davlat rahbarining ma’ruzasida bildirilgan takliflar, vazifalardan kelib chiqib, palataning kelgusidagi vazifalari muhokama qilinib, “yo‘l xaritasi” loyihasi ishlab chiqilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha  sa’y-harakatlarda Qonunchilik palatasining barcha organlari keng jalb etiladi, — dedi Spiker.  

Shuningdek, ushbu masala yuzasidan fraksiyalar rahbarlari, qo‘mita raislari ham o‘z munosabati va takliflarini bildirdi. Jumladan, O‘zMTDP fraksiyasi rahbari A.Qodirov o‘zbek xalqi buyuk qadriyatga ega bo‘lgan millat ekani, insoniyat sivilizatsiyasiga ma’naviyat, ma’rifat, halollik kabi masalalarda namuna bo‘la olgan ajdodlarning avlodi ekanimizga urg‘u berdi. Ammo qadriyatlarimizdan uzoqlasha boshlaganimiz sabab korrupsiya kabi illat avj olayotganini qayd etdi.  

—Shu bois davlat rahbari aytganidek, maktablarda tarbiya fani orqali hallollik, poklik, birovning haqqiga xiyonat qilmaslik kabi qadriyatlarimizni yoshlarimizga singdirishimiz lozim, — dedi partiya yetakchisi.  

Barcha so‘zga chiqqanlar korrupsiyaga qarshi kurashishda faollik ko‘rsatish lozimligini, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, bu jarayonda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilishini bildirdi.  

Muhokamalar so‘ngida korrupsiyaga qarshi kurashishda quyi palata va uning fraksiya hamda qo‘mitalari oldida turgan vazifalar belgilab olindi. Shundan kelib chiqib, quyi palataning “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31220 | Инструменты