Huawei 2
Kuvayt kompaniyasi Farg'ona shahrida Markaziy laboratoriya va diagnostika markazini quradi

O'zbekiston elchixonasi ko'magida joriy yilning 27-28-aprel kunlari Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiyaning Kuvaytga amaliy tashrifi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Tashrif davomida O'zbekiston delegatsiyasi Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg'armasi, IICO xalqaro xayriya tashkiloti, "Gulf Care General Trade Co." va "Marafie Group" kompaniyalari hamda "Kuwait Airways" aviakompaniyasi rahbariyati bilan muzokara o'tkazdi.

Uchrashuvlar chog'ida savdo-iqtisodiy, tibbiyot va aviatsiya kabi sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, Farg'ona viloyatida amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida Farg'ona viloyati hokimligi va "Gulf Care General Trade Co." kompaniyasi o'rtasida Farg'ona shahrida "Markaziy laboratoriya va diagnostika markazini barpo etish" bo'yicha loyihani amalga oshirish to'g'risida memorandum imzolandi.

"Kuwait Airways" aviakompaniyasining O'zbekistonga muntazam reyslarini yo'lga qo'yish istiqbollari muhokama qilindi.

IICO xalqaro xayriya tashkiloti rahbariyati bilan kechgan muloqot chog'ida mazkur tashkilot moliyaviy imkoniyatlaridan foydalangan holda grant loyihalarini amalga oshirish to'g'risida fikr almashildi.

Bo'lib o'tgan uchrashuvlar nihoyasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalarining muhokamasini davom ettirish maqsadida Kuvayt biznes doira vakillarini Farg'ona viloyatiga missiyasini tashkil etish taklifi bildirildi.

Kuvayt tomoni ta'kidiga ko'ra, Farg'ona viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning ushbu davlatga tashrifi ikki tomonlama konstruktiv muloqot va o'zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga bo'lgan kuchli intilish bilan ajralib turdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga