Madaniyat vazirligi salkam 500 mln so'm ajratilayotgan "san'atkorlar portali" nima uchun zarurligini tushuntirdi

Avvalroq, o'zbek OAVlarida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 10 nafar san’atkor haqida ma’lumot beruvchi portal yaratishga 488 mln so‘m sarflayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Vazirlik bu bo'yicha tushuntirish berdi.

Unga ko'ra, bugungi kunda san’atkorlar, ijodkorlar va ularning ijodiy faoliyati, erishgan yutuqlari, ishtirok etayotgan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari to‘g‘risida aholiga ishonchli ma’lumotlarni yetkazib berishga mo‘ljallangan ochiq axborot tizimi mavjud emas. 

Aholi tomonidan to‘y, marosim va boshqa tadbirlarga o‘zlari istagan san’atkor, ijodkor yoki ijodiy jamoalarni taklif qilish istagi bo‘lsa-da, ularning aloqa ma’lumotlarini topish, ular bilan bog‘lanish yoki aynan tadbir o‘tkaziladigan sanada ularning rejalarini bilish imkoni mavjud emas, umumiy qilib aytganda, ijodkorlar va muxlislar o‘rtasida integratsion maydonga ehtiyoj mavjud. 

Platformani ishlab chiqishda ushbu ehtiyoj e’tiborga olingan. Aksar manbalar xabarlarida “10 nafar san’atkor haqida ma’lumot beruvchi portal”ga 500 million so‘m mablag‘ ajratilgani haqidagi fikrlari mavjud. Biroq ular aytganidek, portal sanoqli ijodkorlar uchun emas, balki mazkur ensiklopedik platforma mamlakatimizda ijod qilayotgan, xonanda, sozanda, aktiyor va aktrisa, rejissiyor, shoir va yozuvchi, so‘z ustalari, raqs san’ati vakillari, askiyachilar, baxshi, jirov, oqinlar, sirk artistlari, xalq ijodiyoti yo‘nalishida folklor jamoalar, ashula va raqs ansambllari, estrada guruhlari, orkestr va xor jamoalari, teatr jamoalari, tasviriy va amaliy san’at (rassom, rangtasvirchi, fotorassom, dizayner, haykaltarosh, kulol, ganchkor, zargar, san’atshunos, xattot va hk.) vakillari to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi. 

Bundan tashqari, mazkur Platforma Elektron hukumatning Markazlashgan integratsion platformasi orqali: Ijodkorlar tomonidan Platformadan foydalanishlari, shu bilan birga shaxsini tasdiqlash uchun “Yagona identifikatsiya tizimi (ONE ID)” bilan integratsiya qilinadi.

San’atkorlarning litsenziyaga ega ekanligini tekshirish uchun Adliya vazirligining “Litsenziya” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi. 

Bundan tashqari, foydalanuvchilar uchun Platformadan erkin foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lib, ijodkorlarning ijod na’munalariga baho berish hamda sharh qoldirishda shaffoflik va xaqqoniylikni ta’minlash maqsadida “Imkon Uzbekistan” NNTning “commeta sharh” onlayn platformasi bilan integratsiya qilish rejalashtirilgan. 

Shu bilan birga, ijodkorlarni davlat mukofotlariga tavsiya etishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Reyting baholash” quyi tizimi orqali aholi tomonidan berilgan baholar, sharhlar, shu bilan birga ijokorlarning davlat tadbirlaridagi ishtirokini inobatga olgan holda umumiy baholarini avtomat hisoblagan holda davlat mukofotlariga tavsiya etish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. 

Xulosa qilib aytganda, ko‘p funksiyali va katta ma’lumotlar bazasini o‘zi ichiga qamrab oluvchi mazkur portalning murakkab texnik vazifalari ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘ borasidagi turli shubhalarga barham beradi, degan umiddamiz — vazirlik

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51318 | Инструменты