Magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinadi

Magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bunda, dastlabki 6 oyda yoshlarga ijara haqi va soliqdan imtiyoz beriladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yil 60 ming gektar yer yoshlarga ajratildi. Endilikda har bir viloyatda 2 tadan tumanda Yoshlar kooperatsiyasi tashkil qilinadi, ularga kerakli texnika, uskunalar va urug‘lik yetkazib beriladi.

Tadbirkorlar ham yoshlar uchun bunday loyiha qilaman desa, jamg‘arma ularning kredit foizini qisman qoplab beradi. Ushbu maqsadlarga ham 10 million dollar ajratiladi. Shuningdek, dehqonchilikni yangidan boshlagan 150 ming yoshlarga tajribali fermerlar va usta dehqonlar biriktirilib, serdaromad va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga o‘rgatiladi.

Mamlakatda qiyin ahvolga tushgan, alohida eʼtiborga muhtoj yoshlar ham bor. Shu bois, yil boshida hokimlar, vazirlar va davlat tashkilotlari rahbarlariga sharoiti og‘ir yoshlar biriktirilgani o‘z samarasini berayapti.

Masalan, qiyinchilikka duch kelgan 420 ming yoshlar muammosi hal etildi, 65 mingini bandligi taʼminlandi. Tarbiyasi og‘ir 20 ming yoshlar jinoyat yo‘lidan qaytdi, xulq-atvori yaxshilangan 11 ming yoshlar muddatidan oldin probatsiya hisobidan chiqarildi. 

Alohida eʼtiborga muhtoj 1 million yoshlar sport bilan shug‘ullanishni boshladi, 700 mingida sanʼatga qiziqish paydo bo‘ldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70101 | Инструменты