Maktab bitiruvchilari va abituriyentlar uchun yagona imtihon joriy etilishi mumkin

"Umumta'lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Prezident qarori loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi.

Unga ko'ra:

- 2021-2022-o'quv yilida tajriba sinov tariqasida O'zbekiston respublikasi ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan hududdagi umumiy o'rta maktab va akademik litsey, 2022-2023-o'quv yilidan boshlab barcha umumiy o'rta maktab, akademik litsey va qabuli 9-sinf negizi asosida amalga oshiriladigan kasb-hunar maktabi bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari unifikatsiya qilinib, yagona test sinovlarini o'tkazishni yo'lga qo'yish;

- umumta'lim muassasalarining joriy yil bitiruvchilari yakuniy davlat attestatsiyasi imtihoni sifatida uchta fan – ona tili (o'zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O'zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlarini topshirishi;
majburiy fanlar bo'yicha test sinovi natijalarini umumta'lim muassasasi bitiruvchilarining umumiy ta'lim to'g'risidagi hujjati (shahodatnoma, diplomi)ga qo'yish;

- oliy ta'lim muassasalariga kirish istagini bildirgan umumta'lim muassasalari bitiruvchilari shaxsiy tanloviga ko'ra, ixtiyoriylik asosida bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga mos fanlardan test sinovlarini topshirishi;

- 2022-yildan boshlab, avvalgi yillarda ta'lim muassasalarini tugatganlar belgilangan muddatlarda bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga mos fanlar va majburiy fanlardan test sinovlarini topshirishini belgilash ko'zda tutilgan.

Test sinovlari natijalari oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish uchun o'tkaziladigan tanlovda baholash mezonlariga muvofiq inobatga olinadi.

Shuningdek, abituriyentga test sinovi topshirilgan fani bo'yicha 3 yil muddatda amal qiladigan abituriyent elektron sertifikati beriladi.
Test sinovlari O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi tomonidan umumta'lim muassasalarini joriy yil bitiruvchilari uchun may-iyun oylarida, umumta'lim muassasalarini avvalgi yillarda tugatganlar uchun iyun-iyul oylarida o'tkaziladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62305 | Инструменты