Huawei 1
Malayziyaning "Batik Air" aviakompaniyasi Toshkentga haftasiga ikki marta qatnovlarni amalga oshirishni boshladi

Malayziyaning "Batik Air" aviakompaniyasi shu yil kechadan e'tiboran Kuala-Lumpur–Toshkent–Kuala-Lumpur yo'nalishida haftasiga ikki marotaba muntazam havo qatnovlarini yo'lga qo'ydi.

Parvozlar "Boeing 737 max 8" va keng fyuzelyajli "Airbus A330" rusumli samolyotlarda dushanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, Toshkent va Kuala-Lumpur o'rtasidagi parvozlar "Uzbekistan Airways" tomonidan ham haftasiga 2 marta amalga oshirib kelinmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, ikki mamlakat o'rtasida aviaqatnovlar sonining ko'payishi ishbilarmon doira vakillari o'rtasidagi aloqalarni faollashtirish va sayyohlar oqimini yanada ko'paytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o'tamiz, Malayziyaning yetakchi aviatashuvchilarining respublikamizga parvozlarini tashkil etish, ziyorat turizmi salohiyatini keng targ'ib qilish va malayziyalik sayyohlar oqimini ko'paytirish maqsadida O'zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi ko'magida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi ma'muriyati va "Batik Air Malaysia" kompaniyasi rahbariyati o'rtasida qator muzokara va maslahatlashuvlar tashkil etilgan edi. Malayziya aviakompaniyasining O'zbekistonga ilk aviaqatnovi 2023-yil 15-dekabr kuni yo'lga qo'yilgan edi.

"Batik Air Malaysia" ("Malindo Airways Sdn Bhd") 2012-yilda Malayziya va Indoneziya o'rtasidagi hamkorlik doirasida tashkil etilgan. Bosh qarorgohi Petalingjayada joylashgan. Hozirda kompaniya Osiyo qit'asining 50 dan ortiq yo'nalishiga, jumladan Avstraliya, Bangladesh, Janubiy Koreya, Indoneziya, Pokiston, Singapur, Tailand, Xitoy, Yaponiya, Hindistonga reyslarni amalga oshiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga