Huawei 1
Qozog‘iston oligarxlaridan tortib olingan 90 million dollarning bir qismi suv toshqinlariga qarshi kurashga sarflanadi

Qozog‘istonning noqonuniy aktivlarini qaytarish bo‘yicha komissiyasi avvalroq qozog‘istonlik oligarxlarga tegishli bo‘lgan 40 milliard tengeni (90 million dollardan ortiq) mamlakat foydasiga musodara qilgandi.

Qozog‘iston hukumati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mablag‘lar ijtimoiy maqsadlarga, jumladan, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltiriladi.

“Umumiy qiymati 40 milliard tengedan ortiq bo‘lgan noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlarni (shundan 38 milliarddan ortig‘i naqd pul mablag‘lari) shuningdek, Ostonadagi 2 milliard tengelik biznes markazini ixtiyoriy ravishda davlatga qaytarish bo‘yicha kelishuvlar tasdiqlandi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Bundan tashqari, komissiya 7 milliard tengelik (16 million dollar) investitsiya shartnomalarini imzolashni maʼqulladi. Ularga ko‘ra, noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlarni qaytarish bo‘yicha qonunga bo‘ysinuvchi shaxslar Ostona va Chimkentda ikkita infratuzilma obyektini qurishi kerak bo‘ladi. Hukumatning aniqlik kiritishicha, bu yangi ish o‘rinlari yaratish va qo‘shimcha soliq tushumlarini ta’minlaydi.

2023-yil iyul oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev noqonuniy yo‘l bilan olingan, shuningdek, mamlakatdan tashqariga o‘tkazilgan aktivlarni qaytarish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. Mamlakat rasmiylarining aniqlik kiritishicha, bu ham jismoniy, ham yuridik shaxslarga tegishli.

Qozog‘istonda suv toshqinlari mart oyi oxirida boshlangan. Mazkur tabiiy ofat oxirgi 80 yil ichidagi respublikadagi eng katta ofatga aylandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111720 | Инструменты