Markaziy bankka kiberxavfsizlikni taʼminlashga oid qo‘shimcha vakolatlar beriladi

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Qayd etilganidek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi munosabati bilan kredit tashkilotlari va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni taʼminlashga doir choralar darajasini oshirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Mazkur Qonunga asosan kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari, kredit byurolari tomonidan xavfsizlik va kiberxavfsizlik tahdidlarni aniqlash hamda ularning oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha Markaziy bankka qo‘shimcha vakolatlari belgilanmoqda.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Bank siri to‘g‘risida”gi, “Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga kiberxavfsizlikni taʼminlashga oid meʼyorlar kiritilmoqda.

Qonun bilan bank axborot tizimlarida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha qonunchilik talablarining buzilganligi holati qo‘pol qoidabuzarliklar qatoriga kiritilmoqda.

Bundan tashqari, banklarning axborot tizimlari va resurslarining axborot xavfsizligini hamda kiberxavfsizligini taʼminlash va bank sirini muhofaza qilish kabi qo‘shimcha maqsadlar Qonunda aks ettirilmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi kredit va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida hamda elektron hukumat tizimida axborot xavfsizligini kuchaytirishga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70109 | Инструменты