Huawei 2
MIB: Toshkent shahrida 2,2 trillion so‘m qarzdorlik undirildi

To‘lanmagan qarzlar, vaqtida berilmagan ish haqi, aliment pullarini undirish borasida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari izchil ishlarni amalga oshirmoqda.

Ixtiyoriy ravishda to‘lanmagan qarzlar qonunchilikka muvofiq majburiy ravishda undiriladi. MIBning Sergeli tumani bo‘limi ish yurituviga qarzdor “G.L.C.” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan davlat byudjetiga soliq qarzdorliklarini undirish bilan bog‘liq 27 ta  (1  milliard 871  million 914  ming  so‘mlik) ijro ishi kelib tushgan.

Biroq ixtiyoriy muddatda qarzdor korxonaning mansabdor shaxslari davlat ijrochisining qonuniy talablarini bajarmagan.

Oqibatda, majburiy ijro harakatlariga kirishilib,   qarzdorga tegishli bo‘lgan  “Trailblazer” avtotransport vositasi mavjudligi aniqlangan va undiruv mazkur avtotransport vositasiga qaratilgan. Lekin qarzdor  “Trailblazer”ni davlat ijrochisiga dalolatnoma asosida   topshirishga qarshilik qilgan.  

Olib borilgan qidiruv ijro harakatlari natijasida qarzdorga tegishli bo‘lgan “Trailblazer”  yo‘llarda  harakat  paytida  ushlanib, jarima maydonchasiga joylashtirildi. Ayni paytda avtomobilni elektron-onlayn auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

MIBning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi ish yurituviga Toshkent shahar Iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdor “O.M.I.” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi “A.M.G." masʼuliyati cheklangan jamiyati foydasiga jami 2 milliard 710 million so‘m qarzdorlikni undirish haqidagi ijro ishi kelib tushgan.

Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga qonun talabi asosida  ixtiyoriy muddat berilgan. Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorga nisbatan majburiy ijro choralari qo‘llanilib, asosiy vositalarga va qarzdorga tegishli bo‘lgan barcha ko‘char va ko‘chmas mol-mulklariga band solingan.

Qarzdorga tegishli band solingan mulklarni davlat ijrochisi tomonidan realizatsiya qilish choralari ko‘rilayotgan vaqtda   qarzdor tomonidan jami 2,7  milliard so‘m miqdoridagi  qarzdorlik to‘liq qoplandi.

Bundan tashqari, MIBning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi ish yurituviga Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining  ijro varaqasiga asosan qarzdor tashkilotdan  undiruvchi   "M.g. ва d."   masʼuliyati cheklangan jamiyatining foydasiga 1,3 milliard so‘mdan ziyodroq mablag‘ini undirish haqidagi ijro ishi kelib tushgan.

Davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor nomiga rasmiylashtirilgan 20 turdagi avtotransport vositalari tegishli tartibda xatlangan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida 20 ta  transport vositasini realizatsiya qilish choralariga kirishilgan vaqtda qarzdor tashkilot qarzdorlikni to‘liq qopladi va ijro ishi tamomlandi.

Aytib o‘tish kerakki, MIB Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan hamkor tashkilot hamda idoralar bilan birgalikda  ijro hujjatlariga asosan mavjud soliq qarzdorliklarini undirish maqsadida  “mahallabay” ishlash tizimi asosida ishchi guruhlar tashkil etilgan. Qarzdor jismoniy hamda yuridik shaxslardan qarzdorliklar undirilmoqda.

Xususan, hududiy bo‘limlar ish yurituvida bo‘lgan 431 mingdan ortiq 10,4 trillion so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy ijro harakatlari amalga oshirilib, 150 mingga yaqin ijro hujjatlari tamomlanib, 2,2 trillion so‘m qarzdorlik undirilgan.

Soliq qarzdorliklarini kamaytirish, undiruvlarni jadallashtirish borasida joylarda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga