Huawei 1
Milliy turizm brendiga logotip va shior yaratish bo‘yicha tanlovga arizalar qabul qilinmoqda

Milliy turizm brendi"ga logotip va shior yaratish bo‘yicha tanlovga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “Uzbekistan.travel” milliy turistik portali xabar berdi.

Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan tashkil etilayotgan tanlovda xalqaro va mahalliy marketing va brending konsalting kompaniyalari ishtirok etishlari mumkin.

Loyiha “Milliy turizm brendi"ga logotip va shior yaratish orqali O‘zbekistonning turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targ‘ib qilishga, sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yaxshilash borasidagi targ‘ibotiga qaratilgan.

Tanlovning mukofot jamg‘armasi $10 mingni tashkil etadi. Nomzodlar sohada kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Ularning mahalliy va xorijiy kompaniyalar uchun brend yaratish bo‘yicha tanlovlarda (tender) g‘olib bo‘lganligiga e’tibor qaratiladi.

Logotip va shior O‘zbekistonning boy tarixi, qadriyatlari, madaniyati, gastronomiyasi, tibbiy va sog‘lomlashtirish, arxeologik, ekologik va ekstremal turizm yo‘nalishi sifatidagi intilishlarini aks ettirishi kerak.

Dizayn ixcham, sodda, aniq va tez esda qoladigan bo‘lishi zarur, unda yorqin ranglar va ramziy elementlardan foydalanish tavsiya etiladi. Dizayn “CorelDraw”, “Adobe Illustrator” yoki “Adobe Photoshop"da ishlab chiqilishi kerak. “Canva”, “PowerPoint” kabi platformalarda yaratilgan logotiplar qabul qilinmaydi.

O‘z navbatida, shior o‘zbek, ingliz va rus tillarida, qisqa, tushunarli va tez esda qoladigan bo‘lishi, 5ta so‘zdan oshmasligi hamda hayrat, sarguzasht, sayohat qilishga xohish tuyg‘ularini uyg‘otishi kerak.

Ishtirokchilar bir qancha logotip va ularga mos shiorlar bilan ishtirok etishlari mumkin. Bundan tashqari, logotipda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydigan holatlar ham mavjud.

Nomzodlar arizalarni joriy yilning 25-sentabrichaga tanlovbrend@uzbektourism.uz elektron manzili orqali jo‘natishlari mumkin.

Arizalar va ilovalarda ko‘rsatilgan ma’lumotlar 5 kungacha muddatda tanlov tashkilotchisi tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Natijalari 30-sentabr kuni www.uzbektourism.uz, www.uzbekistan.travel saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali e’lon qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91416 | Инструменты