So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Tashabbusli budjet” jarayonlarida ovoz berish bosqichi doirasida fuqarolarning bank kartalaridan pul o‘g‘irlanish holatlari keng tarqalib, turli bahs va munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Holat yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi izoh berdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat uchinchi shaxslar tomonidan loyihalarga ovoz to‘plash maqsadida fuqarolarga pul mablag‘lari yoki moddiy qiymatliklarni va’da qilgan holda amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi.
Bunda, firibgarlar dastlab fuqarolarning bank kartasi ma’lumotlarini olib, so‘ngra berilgan ovoz uchun va’da qilingan mablag‘ni o‘tkazish orqali fuqaroning karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.
Ushbu holatda firibgarlar fuqarolardan go‘yoki “Tashabbusli budjet” loyihasiga ovoz olish maqsadida SMS xabar jo‘natib “tasdiqlash kodlarini” olish orqali bank kartalarida mavjud mablag‘larni noqonuniy tarzda o‘zlashtirgani aniqlangan.
"Ma’lumot uchun “Tashabbusli budjet” jarayonlarida fuqarolarga keladigan har qanday sms-xabarnomalar maxsus “OpenBudjet” nomi (Nick name) ostida jo‘natiladi.
Bugungi kunda plastik kartalar orqali savdo qilish, kommunal va boshqa to‘lovlarni to‘lashda ko‘plab qulayliklarga ega, biroq bu kabi operatsiyani amalga oshirishda SMS-xabarnoma orqali keladigan har bir maxfiy kodni boshqalarga berish mumkin emasligi haqida har bir sms-xabarnomada fuqarolar ogohlantiriladi.
Qo‘shimcha sifatida shuni aytib o‘tish lozimki, amaldagi tartibga ko‘ra berilgan ovozlar uchun fuqarolardan hech qanday to‘lov talab etilmasligi bilan bir qatorda berilgan ovozlar evaziga hech qanday moddiy rag‘batlantirishlar ham nazarda tutilmagan.
Mukofotlar uchun emas, o‘zgarishlar uchun ovoz bering, shaxsiy ma’lumotlaringizni hech kimga taqdim etmang, firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolmang", deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin “Tashabbusli budjet”ning 2025-yilgi 1-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi boshlangani haqida xabar bergan edik. Ovoz berish jarayonlari 20-mart soat 23:59 ga qadar davom etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31418 | Инструменты