“My Freighter” xususiy aviakompaniyasi Vengriya va Saudiya Arabistonida aviatashuvchi sertifikatlarini olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “ch-aviation” nashri xabar berdi.
Bu haqda nashrga aviatashuvchining hammuassisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov noyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo yuk aviatashuvlari sammitida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya xorijiy bozorlardagi faolligini oshirishni rejalashtirmoqda.
“Yangi yuk liniyalari bizga Yevropa, Janubiy va Shimoliy Amerika, Yaqin va Uzoq Sharqda o‘z faoliyatimizni kengaytirish imkonini beradi. Kelgusida biz Lej va Ostravaga yuk yetkazib berish uchun Navoiyda yangi xab ochishni rejalashtirmoqdamiz,” — dedi Abdurahmonov.
Shuningdek, “My Freighter” kelgusida Singapur, Malayziya va Tinch okeani davlatlari bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Hindiston va Pokistonga muntazam yuk reyslari yo‘lga qo‘yiladi.
Kompaniya yangi yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatish uchun havo parkini 20 ta samolyotga yetkazishni rejalashtirmoqda. Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda 5 ta yangi havo kemasi kelishi kerak.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122603 | Инструменты