Holat yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan “Er kerak” nomli videorolik tafsilotlari Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy boshqarmasi mas’ullari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganildi.
Aniqlanishicha, videoda Davlatobod tumani “Navbahor” mahallasida yashovchi, 2007-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan D.R.ning xatti-harakatlari aks etgan bo‘lib, videolavha Yangi Namangan tumanidagi go‘zallik saloni xodimlari tomonidan salon mijozlari va kanalidagi obunachilarining sonini ko‘paytirish maqsadida olingan.
Holat yuzasidan mas’ul idoralar vakillari tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu videolavha bilan bog‘liq holatlar jamiyatda o‘rnatilgan qoidalarni mensimaslik, qolaversa, turli maqsadlar yo‘lida voyaga yetmagan shaxsdan foydalanish, odamlarning fikrini manipulyasiya qilish, chalg‘itish sifatida jamoatchilikning o‘rinli e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi har bir shaxs jamiyatdagi ma’rifiy qoidalarni hurmat qilishi zarur, deb hisoblaydi.
Holatning o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12209 | Инструменты