Namangan viloyatida dalashiyponda 3 kilogramm giyohvandlik moddalari saqlagan 35 yoshli fuqaro ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Joriy yilning 5 noyabr kuni Chust tumani Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida shu tumanda yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro dala yer maydoniga qurilgan dalashiyponda nashasimon o‘simlikni saqlab kelayotgani aniqlangan. U yerdan 3 ta sintetik qopda 5 ta kichik yelim paketga o‘ralgan va 3 dona gugurt qutisi ichiga solingan o‘tkir hidli giyohvandlik vositasi topilgan.
Kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tekshirish uchun taqdim etilgan o‘simliklar “marixuana” o‘simligi ekani aniqlangan va ushbu moddalarning sof og‘irligi 3 kilogrammga tengligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112518 | Инструменты